Qozog‘iston oliygohlari talabalarning ChatGPT dan foydalanishini aniqlash uchun o‘n minglab dollar sarflamoqda

Qozog‘iston oliygohlari talabalarning ChatGPT dan foydalanishini aniqlash uchun o‘n minglab dollar sarflamoqda

Qozog‘iston universitetlarida sun’iy intellektdan foydalanish odatiy holga aylanib borayotgan bir paytda, oliy ta’lim muassasalari AI yordamida yozilgan matnlarni aniqlash tizimlariga katta mablag‘ sarflamoqda. Mutaxassislar esa eski baholash tizimi zamonaviy texnologiyalar ortidan ulgura olmayotgani va universitetlar yaqin yillarda ta’lim modelini tubdan o‘zgartirishga majbur bo‘lishini ta’kidlamoqda.

 

Qozog‘iston universitetlarida sun’iy intellekt oliy ta’lim tizimini jadal o‘zgartirmoqda. Biroq ko‘plab ta’lim muassasalari AI texnologiyalarining akademik jarayonda qanchalik tez ommalashayotganiga tayyor emasdek ko‘rinadi. Bu haqda The Times of Central Asia nashri xabar berdi.

 

Unga ko’ra, rasmiylar o‘qituvchilarni AI’ni kelajak kasblari uchun muhim professional vosita sifatida qabul qilishga chaqirayotgan bir paytda, universitetlar ChatGPT va unga o‘xshash tizimlar yordamida yozilgan matnlarni aniqlash dasturlariga o‘n minglab dollar sarflashda davom etmoqda.

 

2026-yil bahoriga kelib, Qozog‘iston universitetlarida generativ sun’iy intellektdan foydalanish deyarli yangi akademik me’yorga aylangan. Talabalar kurs ishlari, dissertatsiyalar va tahliliy maqolalarni yozishda AI tizimlaridan muntazam foydalanmoqda. Ammo universitetlar bilim va ko‘nikmalarni baholash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish o‘rniga, yangi texnologiyalarni eski nazoratga asoslangan ta’lim modeliga moslashtirishga urinmoqda.

 

Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi generativ AI’ni to‘liq taqiqlash g‘oyasini rasman rad etgan. Vazirlikka ko‘ra, talabalar akademik halollik va shaffoflik tamoyillariga amal qilgan holda AI’dan foydalanishi mumkin.

 

“Oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim qo‘mitasi” rasmiy bayonotida shunday deyiladi:

 

“Konseptual jihatdan vazirlik generativ neyrotarmoqlarni to‘liq taqiqlash tarafdori emas.”

 

Mazkur yondashuv 2024-yilda qabul qilingan “AI’dan foydalanish bo‘yicha universitetlararo standart” orqali mustahkamlangan. 2025-yilda esa rasmiylar AI vositalarini tahdid emas, avvalo vosita sifatida ko‘rish kerakligini ta’kidlab, uni ta’lim tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlagan.

 

Universitetlar AI-detektorlarga katta mablag‘ sarflamoqda

 

Vazirlik pozitsiyasiga qaramay, Qozog‘iston universitetlari AI yordamida yozilgan matnlarni aniqlash tizimlarini xarid qilishni boshlagan. 2025-yil bahorida “Antiplagiat.Kazakhstan” kompaniyasi AI matnlarini aniqlash algoritmini taqdim etgan va davlat hamda milliy universitetlar ushbu tizimni keng miqyosda sotib ola boshlagan.

 

Qozog‘iston davlat xaridlari portaliga ko‘ra, Qozog‘iston Milliy tibbiyot universiteti taxminan 27 ming dollarlik shartnoma imzolagan, Toraighyrov University esa umumiy qiymati qariyb 19 ming dollarlik bir nechta xaridlarni amalga oshirgan. Ko‘plab shartnomalar yagona manbadan xarid qilish tartibida tuzilgan bo‘lib, bu akademik tekshiruv tizimlari bozorida bitta yetkazib beruvchining ustun mavqeini kuchaytirgan.

 

Shu bilan birga, AI-detektorlar aniq xulosa bermaydi va ehtimollik modeli asosida ishlaydi. Qozog‘iston Ta’lim vazirligi ham bunday tizimlar akademik qoidabuzarlikning mutlaq isboti bo‘la olmasligini ta’kidlagan.

 

“Sun’iy intellekt rivojlanishi AI’ni mexanik tarzda taqiqlashni emas, balki baholash tizimlarini takomillashtirishni talab qiladi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

 

Universitet qoidalari texnologik  rivojlanishdan ortda qolmoqda

 

Muammo eskirgan universitet reglamentlari bilan ham bog‘liq. Ko‘plab qoidalar va akademik siyosatlar generativ AI ommalashishidan oldin ishlab chiqilgan.

 

Masalan, Yessenov University va Narxoz University hujjatlarida “AI”, “neyrotarmoq” yoki “matn generatsiyasi” kabi tushunchalar umuman uchramaydi.

 

Hatto yaqinda yangilangan reglamentlarda ham matnning originallik foiziga asoslangan eski baholash tizimi сақlanib qolgan. Masalan, “Al-Farabi nomidagi Qozoq milliy universitetining 2025–2026 o‘quv yili uchun akademik siyosati”da AI’dan foydalanish rasman tartibga solingan bo‘lsa-da, diplom ishlarida kamida 75 foiz originallik talabi saqlanib qolgan.

 

Bu esa huquqiy ziddiyatni yuzaga keltirmoqda: talabalar ChatGPT’dan foydalangan holda an’anaviy plagiat qoidalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzmagan bo‘lishi mumkin, chunki generativ matn texnik jihatdan boshqa birovning ishidan nusxa ko‘chirish hisoblanmaydi. Mutaxassislar faqat AI-detektorlarga asoslangan intizomiy choralar kelajakda talabalar va universitetlar o‘rtasida huquqiy nizolarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

 

Diplom ishlarining ahamiyati kamaymoqda

 

AI texnologiyalari tez rivojlanayotgan bir paytda, an’anaviy diplom ishining mazmuni asta-sekin eskirib bormoqda. Agar AI tizimlari akademik matnlarni oddiy talabalarga qaraganda tezroq va ko‘pincha samaraliroq yaratishga qodir bo‘lsa, unda o‘nlab sahifali yozma ishlarni baholash real ko‘nikmalarni to‘liq aks ettirmaydi.

 

Ba’zi universitetlar allaqachon yangi tizimga moslashishga harakat qilmoqda. Fan va oliy ta’lim vazirligi International Information Technology University’ni misol sifatida keltirgan. Ushbu universitetda talabalarga AI’dan rasman foydalanish va an’anaviy diplom ishi o‘rniga to‘liq ishlab chiqilgan startap loyihalarini himoya qilishga ruxsat berilgan.

 

Bunday modelda asosiy masala endi matn yoki kodning kim tomonidan yozilgani emas, balki talabaning o‘z ishini tushuntira olishi, loyiha himoyasida qatnashishi va amaliy ko‘nikmalarini namoyish eta olishidir.

 

Mutaxassislar fikricha, Qozog‘iston universitetlari hozir o‘tish davrini boshdan kechirmoqda. Bu davrda qimmat AI-detektorlar yordamida eski bilim baholash tizimini saqlab qolishga urinish tobora samarasiz bo‘lib bormoqda.

 

Uzoq muddatda universitetlar ikki yo‘ldan birini tanlashiga to‘g‘ri keladi: yoki AI’dan foydalanib bo‘lmaydigan imtihon formatlarini — masalan, og‘zaki himoya va amaliy topshiriqlarni joriy etish, yoki AI tizimlarini zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashdagi muhim vosita sifatida rasman tan olish.

 

Avvalroq, Qozog‘istondagi maktablarda sun’iy intellekt joriy etilishi bo‘yicha Farmon imzolanganligi haqida xabar bergan edik.