Listening 8,0 va Reading 8,5: IELTS’dan 7,5 ballik natijani qo‘lga kiritgan 7-sinf o‘quvchi tajribasi

Listening 8,0 va Reading 8,5: IELTS’dan 7,5 ballik natijani qo‘lga kiritgan 7-sinf o‘quvchi tajribasi

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 95-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 7-sinf bitiruvchisi Turdialiyev Asadbek xalqaro IELTS imtihonidan 7,5 ball olib, tengdoshlari uchun munosib namuna bo‘ldi.

 

Asadbekning ingliz tiliga qiziqishi 4-sinfdan boshlangan. Keyinchalik u Qarshi shahridagi xususiy maktabda 2 yil davomida IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘rgan.

 

Yosh o‘quvchining aytishicha, muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri puxta reja asosida ishlash bo‘lgan.

 

Kun bo‘yi nima qilishimni odatda bir kun oldin rejalashtirardim. Asosan “Listening” va “Reading” ko‘nikmalariga ko‘proq vaqt ajratardim. Bu bo‘limlar ustida kuniga bir yoki ikki marta ishlardim. “Writing” va “Speaking” mashqlarini esa dars jarayonida bajarardim, — deydi Asadbek.

 

Dastlab unga Reading bo‘limi eng murakkab tuyulgan. Biroq ustozlari o‘rgatgan usullar yordamida bu ko‘nikmasini sezilarli darajada rivojlantira olgan. Hatto imtihonda Reading bo‘limidan 8,5 ball olishga muvaffaq bo‘lgan.

 

Reading’da matnning mazmunini tushunishga harakat qilardim. Agar matn nima haqida ekanini anglasangiz, javobni topish ancha oson bo‘ladi. Listening’da esa asosiy e’tiborni kalit so‘zlarga qaratardim. Agar biror javobni o‘tkazib yuborsam, ortga qaytmay, darhol keyingi savolga o‘tardim, — ta’kidlaydi u.

 

Tayyorgarlik davomida Asadbek asosan Cambridge’ning rasmiy IELTS kitoblaridan foydalangan. Chunki ulardagi testlar haqiqiy imtihon formatiga juda yaqin. Imtihon oldidan esa bilimini yanada mustahkamlash uchun sanokulov.uz platformasidagi murakkabroq CDI testlarini ishlagan.

 

Yosh bo‘lishiga qaramay, tayyorgarlik jarayoni unga ham oson kechmagan. Ko‘plab tengdoshlari IELTS kurslariga qatnamagani sababli ba’zida unda ham qiziqish susaygan. Ayrim murakkab topshiriqlarni tushunolmagan paytlari esa tushkunlikka tushgan.

 

Shunga qaramay, u taslim bo‘lmagan.

 

Ba’zan umuman dars qilishni xohlamasdim. Motivatsiyam bo‘lmagan kunlar ham ko‘p bo‘lgan. Lekin baribir kechki soat 11 da stolimga o‘tirib, tungi soat 3 gacha dars qilardim. Ertalab esa soat 5:30 da uyg‘onib, qishloqdan Qarshi shahriga yo‘l olardim.

 

Shu bilan birga, Asadbekning eng yaqin do‘sti Sanjarning ham shu kursda o‘qishni boshlagani unga qo‘shimcha motivatsiya bo‘lgan.

 

Imtihon natijalari e’lon qilinadigan kun esa uning hayotidagi eng hayajonli kunlardan biri bo‘lib qolgan.

 

IELTS imtihonini topshirish uchun Samarqand shahriga bordik. Kechqurun uyga juda charchab qaytdim va uxlab qoldim. Ertasiga natija chiqishi ehtimoli kam deb o‘ylagandim, ammo har yigirma daqiqada saytni tekshirib turdim. Bir payt “Natijangiz tayyor” degan yozuv chiqdi. Ichimda hech bo‘lmasa 7,0 bo‘lsin deb niyat qilgandim. Natijani ochib qarasam, 7,5 ekan. Ishonmay yana bir marta tekshirdim. Keyin darrov oyimning oldiga yugurdim. Bu kun hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri bo‘ldi, — eslaydi sertifikat sohibi.

 

Asadbekning fikricha, ko‘pchilikning eng katta xatosi o‘zini imtihonga tayyor emas deb hisoblashidir.

 

Inson hech qachon o‘zini to‘liq tayyor his qilmaydi. Doimo yana nimanidir o‘rganish kerakdek tuyuladi. Lekin oldingizga aniq maqsad qo‘yib, unga muddat belgilasangiz, intizom paydo bo‘ladi va natijaga erishish osonlashadi.

 

Shuningdek, u o‘z tajribasidan kelib chiqib IELTS topshiruvchilariga tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

 

Listening’ning birinchi qismida hayajon kuchli bo‘lishi tabiiy. Muhimi, bitta savolni o‘tkazib yuborsangiz ham unga berilib ketmang. Darhol keyingi savolga o‘ting. Bitta xato butun imtihon natijasiga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymang.

 

14 yoshli Asadbek kelgusidagi maqsadlarini ham aniq belgilab olgan. U yana bir qator milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda. 9-sinfga borgach esa xorijiy universitetlardan birining grantini yutishni maqsad qilgan.

 

Bugungi yutug‘imda ota-onam, ustozlarim va do‘stim Sanjarning hissasi katta. Ularning barchasiga samimiy minnatdorlik bildiraman. Sanjarga esa avgust oyidagi IELTS imtihonida omad tilayman, — deya yakunlaydi u.

 

Asadbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida 8-sinf o‘quvchisi Raimov Afruz Suxrobovich ingliz tilidan C1 darajali sertifikatni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.