‘‘O‘z imkoniyatlaringizni hech qachon kichik baholamang”: farg‘onalik o‘quvchi muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi

‘‘O‘z imkoniyatlaringizni hech qachon kichik baholamang”: farg‘onalik o‘quvchi muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi G‘anijonova Nafisaxon uchta fandan milliy sertifikat va ingliz tilidan B2 darajali sertifikatni qo‘lga kiritdi. Ushbu natijalari orqali u oliy ta’limga kirish uchun maksimal 189 ball to‘plash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

G‘anijonova Nafisaxon kelajakda tarjimon bo‘lishni maqsad qilgan. Shu sababli u O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olishni rejalashtirmoqda. Uning chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi maktabning quyi sinflaridayoq boshlangan.

 

Uning Talimxabarlari.uzga ma’lum qilishicha, sertifikatlarni qo‘lga kiritish uchun ikki yil davomida muntazam tayyorgarlik ko‘rgan. Ingliz tilini o‘rganish unga nisbatan oson kechgan. Biroq matematika fanidan sertifikat imtihoniga vaqt kam qolganligi sababli biroz qiyinchiliklarga duch kelgan.

 

“5–6-sinfligimda maktabga kunlik yodlagan lug‘atlarimga qarab pul olardim. Bu esa menga keyinchalik to‘siqlardan osonroq o‘tishimga yordam berdi”, — deydi Nafisaxon.

 

Natijada u ona tili va adabiyot, tarix hamda matematika fanlaridan sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. U ing;liz tilidan B2, o‘zbek tili va adabiyotidan A+, tarix hamda matematikadan C darajalarini qayd etdi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ushbu sertifikatlari orqali jami 189 ball to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lgan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 

O‘quvchi Reading bo‘limidan 68 bilan boshqa bo‘limlarga qaraganda yuqoriroq natija to‘plagan. Uning aytishicha, ingliz tilidagi kitoblar, maqolalar va hikoyalarni o‘qish sevimli mashg‘ulotlaridan biriga aylangan. Shu bois Reading bo‘limi unga boshqa ko‘nikmalarga qaraganda ko‘proq qiziqish uyg‘otgan.

 

“Reading uchun eng asosiysi — lug‘at boyligi. Testlardan yuqori natija olish uchun esa to‘g‘ri javob matnning qaysi qismida ekanini belgilab, qayta tahlil qilib chiqish kerak”, — deydi u.

 

Sertifikatlarni qo‘lga kiritish davomida u oflayn kurslar bilan bir qatorda, YouTube platformasidagi videodarslardan ham foydalangan. Uning ta’kidlashicha, onlayn manbalar har bir fan bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashda yordam bergan.

 

Nafisaxon tayyorgarlik jarayonida telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni ham cheklash kerak, deb hisoblaydi. Uning fikricha, keraksiz kontent va ijtimoiy tarmoqlar o‘quvchining vaqtini sezilmasdan olishi mumkin. Shu sababli dars qilayotgan vaqtda telefonni chetga qo‘yish va bildirishnomalarni o‘chirish foydali ekanligini ta’kidlaydi.

 

Hozirda Nafisaxon IELTS va SAT xalqaro imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning navbatdagi maqsadi yuqori natijalarga erishib, dunyoning TOP-10 universitetlaridan birida tahsil olish. U o‘zidan keyin yuqori natijalarga erishishni istayotgan tengdoshlariga imkoniyatlarini kichik baholamaslikni va maqsad sari muntazam harakat qilishni tavsiya qiladi.

 

“Bugun qilayotgan mehnatingiz — ertangi muvaffaqiyatingizning poydevori. O‘z imkoniyatlaringizni hech qachon kichik baholamang. Chunki siz o‘ylaganingizdan ham ko‘proq narsaga qodirsiz!”

 

Avvalroq, Qashqadaryoda yana bir 11-sinf o‘quvchisi muddatidan avval 189 ballni naqd qilganligi haqida xabar bergan edik.

 

Sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa, va uni Talimxabarlari.uz saytida yoritmoqchi bo‘lsangiz, Telegram bot orqali bizga murojaat qilishingiz mumkin.