2031-yilgacha 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb qilinadi. Buning uchun IT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etish hamda sertifikat va bandlikka bog‘langan vaucherlar tizimi joriy etiladi.
Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son Farmoni bilan tasdiqlangan Ta’lim milliy dasturida bu boradagi vazifalar belgilangan.
Unga ko‘ra, 2027-yil yanvarigacha quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi:
- hududlar kesimida raqamli ko‘nikmalar dasturini tasdiqlash;
- IT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etish choralarini belgilash;
- sertifikat va bandlikka bog‘langan vaucherlar tizimini joriy etish.
Shuningdek, o‘zbek tilini raqamli dunyoda ilm-fan va texnologiyalar yaratiladigan tilga aylantirish bo‘yicha ham alohida Hukumat qarori loyihasi tayyorlanadi.
Unda o‘zbek tilidagi adabiyotlar, qo‘llanmalar va boshqa axborot resurslarini raqamlashtirish dasturini tasdiqlash, shuningdek, o‘zbek tilidagi sun’iy intellekt modellaridan, jumladan, katta til modellaridan o‘qitish jarayonlarida foydalanish choralarini belgilash ko‘zda tutilgan.
