Imtihondan o‘tgan shifokorlar oyligiga qo‘shimcha haq oladi

Imtihondan o‘tgan shifokorlar oyligiga qo‘shimcha haq oladi

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun kasbiy faoliyatga ruxsat berishning yangi tartibi joriy etiladi. Ixtiyoriy imtihon topshirib, davlat ro‘yxatidan o‘tgan mutaxassislarga ustama beriladi.

 

Jarayon.uz nashri xabar berishicha, shifokorlar va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularning kasbiy faoliyat yuritishiga ruxsat berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, maxsus imtihondan ixtiyoriy ravishda o‘tib, ro‘yxatga kiritilgan mutaxassislarning oylik maoshiga ustama qo‘shiladi.

 

Bu Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son farmoni bilan tasdiqlangan sog‘liqni saqlash milliy dasturida nazarda tutilgan.

 

Shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun bir qator o‘zgarishlar kiritilmoqda:

 

  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali kasbiy faoliyatga ruxsat berish tizimi joriy etiladi;
  • ixtiyoriy maxsus imtihonlar asosida ro‘yxatdan o‘tganlarga oylik maoshga ustama to‘lash orqali tizim tezlashtiriladi;
  • oliy va o‘rta ma’lumotli tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari 2030-yilgacha 100 foiz uzluksiz kasbiy ta’lim bilan qamrab olinadi;
  • tibbiy oliygohlar o‘quv dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) standartlariga moslashtirilib, akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

 

Mazkur chora-tadbirlar 2027–2030-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Buning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul etib belgilangan.

 

Ushbu tartib shifokorlar, hamshiralar va farmatsevtika xodimlariga taalluqli hisoblanadi.⁠⁠‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌‌⁠⁠ Imtihon ixtiyoriy, lekin uni topshirganlar oylikka ustama oladi.⁠⁠‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌‌⁠⁠ Imtihon tartibi va ustama miqdori alohida hujjat bilan belgilanadi.⁠⁠‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌‌⁠⁠

 

Eslatib o’tamiz, avvalroq “Umumiy tibbiyot” bitiruvchilari oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.