O‘zbekiston xalqaro fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi. Buning uchun Yangi Toshkent hududidan 20 gektar yer ajratilib, universitetda zamonaviy kampus, o‘quv-simulyatsiya va ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etiladi.
Bugun, 27-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markaziga tashrif buyurib, transport-logistika sohasidagi investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Uchrashuvda fuqaro aviatsiyasi sohasini rivojlantirish, mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va aviakompaniyalar faoliyatini kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Prezident O‘zbekiston xalqaro fuqaro aviatsiyasi universitetini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Buning uchun Yangi Toshkent hududidan 20 gektar yer ajratiladi. Universitet hududida zamonaviy kampus, o‘quv-simulyatsiya va ilmiy-tadqiqot markazlari joylashadi.
Shuningdek, mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va ishga olish majburiyatini olgan aviakompaniyalar uchun alohida yengilliklar beriladi. Ular jalb qilgan xorijlik mutaxassislarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi, bunday mutaxassislarga ruxsatnoma berish uchun yig‘im miqdori esa 30 barobar kamaytiriladi.
Yaratilayotgan sharoitlar hisobiga havo kemalari sonini kelgusi yilda 150 taga, 2030-yilga qadar esa kamida 250 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Xalqaro aeroportlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida ular 2030-yilgacha mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi. Tejalgan mablag‘larni aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirish shart bo‘ladi.
