Hozirda mamlakatimizning faqat ikkita oliygohi QS xalqaro reytingining TOP-1000 ro‘yxatidan joy olgan. Yangi dastur orqali 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 10 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Jarayon.uz xabar berishicha, Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son farmoni bilan “U 10 — O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturini amalga oshirish belgilangan.
Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab har yili noyabr oyida yirik ilmiy loyihalarni amalga oshirayotgan va salohiyati yuqori universitetlar tanlov asosida dasturga kiritiladi.
Shuningdek, 2027–2030-yillarda “Ilmiy klaster” loyihasi g‘oliblariga xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallash bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi. Xalqaro reyting tashkilotlari bilan ham muzokaralar o‘tkaziladi.
Hozirgi natijalar qanday?
QS World University Rankings 2027 reytingida O‘zbekistondan oltita oliygoh o‘rin olgan. Ularning faqat ikkitasi TOP-1000 taligiga kirgan:
- “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti — 458-o‘rin;
- O‘zbekiston Milliy universiteti — 801–850-o‘rin.
- Qolgan universitetlar quyidagi o‘rinlarni egallagan:
- Toshkent davlat texnika universiteti — 1001–1200;
- Samarqand davlat universiteti — 1001–1200;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 1201–1400;
- Toshkent davlat transport universiteti — 1201–1400.
Ta’kidlash joiz, 2026-yilgi reytingda O‘zbekistondan uchta universitet TOP-1000 taligiga kirgan edi. Toshkent davlat texnika universiteti o‘tgan yili 901–950-o‘rinlarda qayd etilgan bo‘lsa, bu yil 1001–1200-o‘rinlarga tushgan.
“U 10” dasturini amalga oshirish uchun Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi mas’ul etib belgilangan.
Jarayon.uz qayd etishicha, 10 ta universitetni 2030-yilgacha xalqaro reytinglarning TOP-1000 taligiga kiritish maqsadi 2019-yilda tasdiqlangan oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham belgilangan edi.
Avvalroq, O‘zbekistonning 38 ta oliygohi Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingidan joy olgani haqida xabar bergan edik.
