O‘zbekistonning 6 ta oliygohi ‘‘QS World University Rankings 2027’’ ro‘yxatidan o‘rin oldi

O‘zbekistonning 6 ta oliygohi ‘‘QS World University Rankings 2027’’ ro‘yxatidan o‘rin oldi

QS World University Rankings 2027 natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 6 ta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng nufuzli universitetlari ro‘yxatiga kiritildi.

 

Bugun, 2026-yil 18-iyun kuni ‘‘QS World University Rankings 2027’’ e’lon qilindi. Mazkur reytingda dunyo bo‘yicha 1500 dan ortiq universitetlar baholangan. Baholash jarayonida akademik obro‘, ish beruvchilar fikri, ilmiy tadqiqotlar sifati, xalqaro hamkorlik va boshqa bir qator mezonlar inobatga olingan.

 

Reytingda AQSHning Massachusetts Institute of Technology (MIT) 100 ball bilan ketma-ket 15-yil davomida birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Imperial College London va Stanford University ikkinchi o‘rinni, University of Oxford to‘rtinchi, Harvard University esa beshinchi o‘rinni egallagan.

 

QS tomonidan e’lon qilingan ushbu reytingga O‘zbekistonning 6 ta oliy ta’lim muassasasi kiritilgan. Jumladan:

 

  • “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti — 458-o‘rin
  • O‘zbekiston Milliy universiteti — 801–850
  • Toshkent davlat texnika universiteti — 1001-1200
  • Samarqand davlat universiteti — 1001–1200
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 1201–1400
  • Toshkent davlat transport universiteti — 1201–1400

 

Ma’lumot uchun, ‘‘QS World University Rankings’’ – 2004-yildan beri e’lon qilib kelinayotgan, oliy ta’lim muassasalarini 9 ta global indikator asosida baholovchi eng obro‘li xalqaro reytinglardan biri hisoblanadi.

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yili boshiga kelib 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularda 1,5 milliondan ortiq talaba tahsil oladi, professor-o‘qituvchilar soni esa 54,9 ming nafardan oshadi.

 

Avvalroq, The Center for World University Rankings (CWUR) tomonidan 2026-yil uchun Global 2000 universitetlar reytingi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.