“Yuksalish” harakati va Tashabbuslar instituti tomonidan 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli rahbarlarning yangi reytingi taqdim etildi. Undan vazirlik va idoralar, Prezident Administratsiyasi, davlat tashkilotlari hamda hududiy boshqaruv organlarida faoliyat yuritayotgan 40 nafar rahbar o‘rin olgan.
Reytingga turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan yosh mutaxassislar kiritilgan. Ular orasida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshev, Prezident Administratsiyasi vakillari Sherzod Ozodov, Timur Butunbayev, Xushnudbek Xudoyberdiyev va Aziz Azimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ham bor.
Shuningdek, ro‘yxatdan Buxoro shahri hokimi Qurbon Tursunov, Chirchiq shahri hokimi Mirajol Allakuliyev, Termiz shahri hokimi Sharofiddin Lolayev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Odil Axmedov va boshqa rahbarlar joy olgan.
Baholash jarayonida nomzodlarning ma’lumoti, jamoatchilik orasidagi tanilganligi, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, islohotlardagi ishtiroki hamda shaxsiy va kasbiy yutuqlari hisobga olingan.
Ma’lumot uchun, TOP-40 reytingi 2019-yildan buyon shakllantirib kelinadi. Bu yilgi saralash ikki bosqichda o‘tkazilgan. Dastlab fuqarolik jamiyati, tahlil markazlari va OAV vakillaridan iborat ekspertlar nomzodlarni baholagan. Keyingi bosqichda esa 60 nafardan ortiq nomzod orasidan ovoz berish orqali 40 nafar rahbar tanlab olingan.
Avvalroq, pedagoglar murojaati Andijondagi ta‘lim rahbarlari faoliyatini o’rganishga sabab bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

