Namanganda sobiq xotinini yarashishga ko‘ndira olmagach, bog‘cha yotoqxonasida pichoqlagan erkak 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ayol shifokorlar yordami bilan tirik qolgan.
Namangan viloyatining Pop tumanida yarashishni rad etgan sobiq xotinini bog‘cha yotoqxonasida pichoqlab, o‘ldirishga uringan erkakka qamoq jazosi tayinlandi.
“Daryo” tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2026-yil 16-aprel kuni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida sodir bo‘lgan. 32 yoshli B.A. yordamchi tarbiyachi bo‘lib ishlaydigan sobiq xotini S.B.ning ish joyiga kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ular 2023-yilda shar’iy nikoh asosida turmush qurib, bir nafar farzandli bo‘lgan. Keyinchalik oilaviy kelishmovchiliklar sabab ayol ota-onasinikiga ketgan. Erkak bir necha bor u bilan qayta yashashni taklif qilgan, biroq ayol bunga rozi bo‘lmagan.
Voqea kuni ham erkak sobiq xotini bilan uchrashib, yana birga yashash masalasida gaplashmoqchi bo‘lgan. Ayol uni ko‘rib, bolalar yotoqxonasi tomon yurgan. Biroq erkak uning ortidan borib, bilagini qayirgan va karavotga itarib yuborgan. Shundan so‘ng yana birga yashashni taklif qilgan. Ayol rad javobini bergach, erkak o‘zi bilan olib kelgan pichoq bilan uning qorniga uch marta zarba bergan.
Jarohatlangan ayol shundan keyin birga yashashga rozi ekanini bildirgan. Erkak esa tashqariga chiqib ketgan. Hamkasblari tez yordam chaqirishi ortidan ayol shifoxonaga olib borilgan va uning hayoti saqlab qolingan.
Sudda B.A. voqea kuni o‘g‘lining tug‘ilgan kuni munosabati bilan Chust bozoridan sovg‘alar xarid qilgani, u yerda ko‘rgan pichoqni Rossiyadagi rahbariga sovg‘a qilish maqsadida sotib olganini aytgan. Uning bildirishicha, sobiq xotini bilan bog‘chada farzandini ko‘rish masalasida tortishib qolgan va jahl ustida pichoq ishlatgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudining hukmi bilan B.A. Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybli deb topilgan va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
