2027-yildan ilmiy daraja olish tartibi o‘zgaradi: talabgorlar nimalarni bilishi kerak?

2027-yildan ilmiy daraja olish tartibi o‘zgaradi: talabgorlar nimalarni bilishi kerak?

2027-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda ilmiy darajalar berishning yangi tizimi joriy etiladi. Shu munosabat bilan amaldagi tartib bo‘yicha dissertatsiya himoyalariga hujjat topshirish 13-noyabrda yakunlanadi.

 

Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) Rayosatining 2026-yil 29-oktyabrdagi 391/2-sonli qarori bilan amaldagi tartib bo‘yicha dissertatsiya himoyalari toʻgʻrisida OAK veb-saytida eʼlon berish jarayoni 2026-yil 30-noyabrdan yakunlanishi maʼlum qilinadi.

 

Shunga koʻra, OAK veb-saytida eʼlon berish uchun attestatsiya hujjatlarini taqdim etishni joriy yilning 13-noyabriga qadar davom ettirish belgilandi.

 

Shuningdek, Prezidentning 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 98-son Farmoniga muvofiq, dissertatsiya himoyasi haqida e’lon berilgan barcha talabgorlarning himoyasi 2026-yil 31-dekabrga qadar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

 

OAK talabgorlar, ilmiy kengashlar va ular qoshidagi ilmiy seminarlar rahbariyatidan dissertatsiyalarni dastlabki ekspertizadan o‘tkazish hamda himoyaga qabul qilish jarayonlarini belgilangan nizom talablari va muddatlariga muvofiq yakunlashni so‘ragan.

 

Agar ushbu jarayonlarni belgilangan muddatlarda yakunlash imkoni bo‘lmasa, dissertatsiya himoyasini 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan yangi tizim asosida tashkil etish tavsiya etilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 98-son Farmoniga ko‘ra, 2027-yil yanvardan ilmiy darajalar berishda ayrim tartiblar bekor qilinishi haqida xabar bergan edik.

 

Yangi tizimda nimalar o‘zgaradi?

 

Yangi tartibga ko‘ra:

 

  • ilmiy kengashlar yangi normativ-huquqiy hujjatlar asosida shakllantiriladi;
  • ilmiy kengashlarning mustaqilligi va mas’uliyati oshiriladi;
  • ilmiy kengashlarga dissertatsiya himoyalarini tashkil etish va ilmiy darajalar berish bo‘yicha kengroq vakolatlarga ega bo‘ladi;
  • ilmiy kengashlar tomonidan ilmiy daraja berilgan shaxslarning attestatsiya ishlari OAK tomonidan tanlov asosida tekshiriladi.

 

OAK ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizimning asosiy maqsadi ilmiy darajalar berish jarayonini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik tartiblarni qisqartirish va ilmiy kengashlarning mustaqilligini oshirishdan iborat.

 

Shu bilan birga, dissertatsiyalarni himoyaga qabul qilish jarayonlari yangi tasdiqlanadigan nizomlar asosida 2027-yil 1-yanvardan uzluksiz davom ettiriladi.