Prezident Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga xorijda kam ish haqiga ishlayotgan yurtdoshlarimizni kasbga o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtirish va ishsizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda Buxoro viloyatidan 99 ming nafar fuqaro mehnat migratsiyasidaligi, xorijdan qaytgan 24 ming kishi hali ish topmagani ta’kidlandi. Viloyat bo‘yicha ishsizlar soni 40 mingga yaqin, yana 270 ming nafar aholining daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past.
Bundan buyon “kambag‘al oila qolmadi” degan hisobot o‘tmaydi, – dedi Prezident.
Mas’ullarga xorijda kam ish haqiga ishlayotgan yurtdoshlarimizni kasbga o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtirish, 270 ming nafar aholining daromadini o‘rtacha va undan yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha tumanlar kesimida reja ishlab chiqish topshirildi.
Buxoroda jamoat transporti yetarlicha rivojlanmagani sabab aholining 80 foizi ish, o‘qish va kundalik yumushlariga yengil avtomobilda qatnaydi. Davlat rahbari viloyat uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha 120 ta avtobusni keltirish ishlarini jadallashtirish vazifasini qo‘ydi.
Turistlarning Buxoro haqidagi dastlabki taassuroti aeroport va temir yo‘l vokzallari atrofidagi muhitdan boshlanishi ta’kidlandi. Shu bois, bu hududlarda xizmat ko‘rsatish sifati va qulayliklarni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Daraxt turlarini Buxoroning iqlimi va tarixiy qiyofasiga mos tanlash, mavjud daraxtlarni parvarishlash hamda yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirishda yagona yondashuv kerakligi aytildi.
Shuningdek, viloyatdagi 55 ta mahalla aholisi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishni kutayotgani qayd etildi. Prezidentimiz mutasaddilarga mazkur mahallalarga suv yetib borishini aniq muddatini belgilab, hal qilishni topshirdi. Viloyatdagi oilalarning uy-joyga ehtiyojini qondirish maqsadida turar joy massivlari qurilishini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
