AQSHdagi qator maktablarda sun’iy intellektni taqiqlash o‘rniga undan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi yondashuv doirasida o‘quvchilarga chatbotlarning imkoniyatlari bilan birga, ularning xatolari, yolg‘on ma’lumot yaratishi va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq xavflar ham tushuntiriladi.
Sun’iy intellekt chatbotlari butun dunyo bo‘ylab o‘qituvchilar uchun muammoga aylangan. Biroq AQSHning Janubiy Karolina shtati, Charleston shahrida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir guruh pedagoglar maktablarda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Associated Press’ning yozishicha, trening davomida o‘qituvchilar va maktab direktorlari mutaxassisning sun’iy intellekt vositasiga “Dunyo xaritasini yarat” degan topshiriq berishini kuzatgan.
Natija yig‘ilganlarni hayratga solib, kulgiga sabab bo‘lgan. Katta ekranda g‘alati xatolarga to‘la xarita paydo bo‘lgan. Masalan, Mali davlati nomi “Mail”, Misr “Sopth” deb yozilgan. Liviya o‘rnida esa shunchaki “Afrika” nomi ko‘rsatilgan. Yana o‘nlab davlatlarning nomlari noto‘g‘ri yozilgan yoki tushunarsiz belgilar bilan ifodalangan.
“Bolalarning ushbu vositalarga haddan tashqari ishonib yubormasligini istasangiz, ularga shu xarita namunasini ko‘rsating”, — degan “AI For Education” tashkiloti asoschisi va rahbari Amanda Bikerstaff.
Mazkur tashkilot maktablarga sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha siyosiy tartib ishlab chiqish, o‘qituvchilar va o‘quvchilarni ushbu texnologiyadan xavfsiz, axloqiy me’yorlarga muvofiq va samarali foydalanishga o‘rgatishda yordam beradi.

Sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish
Dastlab sun’iy intellektdan foydalanishni taqiqlashga uringan AQSHdagi ko‘plab davlat maktablari endilikda yangi strategiyaga o‘tmoqda. Ular o‘quvchilarni ushbu texnologiyani sinab ko‘rishga undamoqda.
Bunda asosiy maqsad — generativ sun’iy intellektning kamchiliklarini, jumladan, uning “gallyutsinatsiya” deb ataladigan, mavjud bo‘lmagan ma’lumotlarni to‘qib chiqarish xususiyatini ko‘rsatish.
Sun’iy intellekt savodxonligi yangi o‘quv yili arafasida ta’lim sohasidagi asosiy mavzulardan biriga aylangan. Pedagoglar o‘quvchilarni sun’iy intellekt keng qo‘llaniladigan kelajakka tayyorlash bilan birga, ularning fikrlash jarayonini to‘liq chatbotlarga topshirib qo‘ymaslik o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda.
Sun’iy intellekt savodxonligi nimani anglatishi yoki uni qanday o‘rgatish kerakligi bo‘yicha yagona ta’rif mavjud emas. OpenAI, Google va Anthropic kabi yirik texnologik kompaniyalar maktablarga o‘zlarining sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish bo‘yicha treninglar taklif qilmoqda. Biroq pedagoglar orasida sun’iy intellekt savodxonligi faqat generativ AI’dan foydalanish va to‘g‘ri so‘rovlar (promptlar) yozishni o‘rganish bilan cheklanmasligi kerak, degan qarash tobora keng tarqalmoqda.
Brukings instituti qoshidagi Umumiy ta’lim markazi direktori Rebekka Uintropning ta’kidlashicha, “yaxshi sun’iy intellekt savodxonligi undan qachon foydalanmaslik kerakligini ham bilishni anglatadi”.
Ayrim maktablar o‘z yondashuvini ishlab chiqmoqda
Avgust oyida AP AQSHning 37 ta shtati maktablar uchun SIdan foydalanish bo‘yicha rasmiy tavsiyalar ishlab chiqqani haqida yozgan. Janubiy Karolina shtatida bunday ko‘rsatmalar bo‘lmagani uchun Charleston okrugi maktablari o‘z qoidalarini ishlab chiqishga kirishgan.
Shu sababli shtatdagi ikkinchi yirik maktab okrugi bu borada mustaqil ish boshladi. Charleston okrugi maktab okrugi rahbari o‘rinbosari Lukas Klempning aytishicha, 50 ming nafar o‘quvchini qamrab olgan ta’lim tizimida bunday ishni amalga oshirish katta sa’y-harakat talab qilgan.
Bir yil avval okrug AI For Education tashkilotiga murojaat qilgan. Mazkur tashkilot Chikago va Xyuston davlat maktablari hamda boshqa o‘nlab maktab okruglari uchun sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqishda yordam bergan.
Ma’lum qilinishicha, birinchi bosqichda zarur asoslar yaratilgan. O‘qituvchilar, o‘quvchilar va ota-onalarning fikrlari o‘rganilib, sun’iy intellektdan foydalanish siyosati ishlab chiqilgan.
O‘quvchilar ishtirokida tashkil etilgan muhokamalarda ularning sun’iy intellektdan keng foydalanayotgani, biroq bu jarayon tegishli yo‘riqnoma va nazoratsiz kechayotgani ma’lum bo‘lgan. O‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham yangi texnologiyani mustaqil o‘rganayotganini va undan foydalanish bo‘yicha aniq qoidalarga ehtiyoj borligini bildirgan.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, AQSH bo‘ylab o‘smirlarning aksariyati va o‘qituvchilarning ko‘pchiligi o‘quv jarayonida sun’iy intellektdan foydalanmoqda. Biroq ular ushbu texnologiyani asosan mustaqil o‘rganmoqda. Juda kam qismi sun’iy intellekt qanday ishlashi bo‘yicha texnik bilimga yoki rasmiy tayyorgarlikka ega.
Maktablar va ota-onalar ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq xatolar takrorlanishining oldini olishga ham intilmoqda. Chunki avval bolalar internet olamiga yetarli tushuntirish va tayyorgarliksiz kirib kelgan. Natijada ular qaramlikni kuchaytiruvchi algoritmlar, o‘zini boshqalar bilan solishtirish va yoshlar ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan. Bunday omillar yoshlar orasida ruhiy salomatlik bilan bog‘liq inqiroz va diqqatni jamlash qobiliyatining pasayishi bilan bog‘liq holda tilga olinmoqda.
Shu sababdan, Charleston maktablariga yangi o‘quv yilidan boshlab o‘qituvchilar va o‘quvchilarga SI bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazish topshirildi.
Maxsus kursda ilmiy tadqiqot ishi yozishda chatbotdan yordam so‘rash kabi odatiy vaziyatlar misol qilib keltiriladi. Bu orqali generativ sun’iy intellekt mavjud bo‘lmagan tadqiqotlar haqida ham mutlaqo noto‘g‘ri ma’lumotlarni ishonch bilan taqdim etishi mumkinligi tushuntiriladi.
Shuningdek, ma’lumotlar maxfiyligiga bag‘ishlangan bo‘limda sun’iy intellekt vositalariga shaxsiy ma’lumotlarni yubormaslik kerakligi ta’kidlanadi. Sababi, foydalanuvchilarning suhbatlari saqlanishi, sun’iy intellektni o‘qitishda ishlatilishi yoki oshkor bo‘lishi mumkin.
Yozgi treningda qatnashgan yuqori sinf o‘qituvchisi Rey Knauer ushbu mashg‘ulotlardan o‘zining AP Research darslarida foydalanish uchun foydali misollar olgan. U o‘quvchilar bilan sun’iy intellektdagi tarafkashlik va noto‘g‘ri ma’lumotlar yaratish holatlarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
“Biz hozir barchamiz bu masalada to‘g‘ri muvozanatni topishga harakat qilyapmiz: o‘quvchilarni sun’iy intellektdan qo‘rqitib yubormaslik, lekin ularni barcha javoblarni undan izlashga ham undamaslik kerak. O‘quvchilarga shuni o‘rgatishimiz lozim: shunchaki javobni olib, keyingi ishga o‘tib ketish mumkin emas. Tahliliy fikrlash ko‘nikmalaridan foydalanish va masalani chuqurroq o‘rganish zarur”, — deydi o‘qituvchi.
Yuta tajribasi
AQSHning Yuta shtati ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha umumiy shtat miqyosidagi yondashuvni joriy etgan dastlabki hududlardan biri hisoblanadi.
2024-yilda shtat Ta’lim kengashi Mett Vintersni sun’iy intellekt bo‘yicha ta’lim mutaxassisi etib tayinlagan. Shu tariqa Yuta maktablarda ushbu texnologiya bilan bog‘liq masalalarni nazorat qiladigan to‘liq stavkali lavozimni tashkil etgan birinchi shtat bo‘lgan.
O‘tgan bir yil davomida Vinters 7 mingdan ortiq o‘qituvchi uchun sun’iy intellekt bo‘yicha treninglar o‘tkazgan. Bu Yutadagi davlat maktablari o‘qituvchilarining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi. Shuningdek, u maktab okruglariga sun’iy intellektdan foydalanish siyosatini ishlab chiqishda yordam bermoqda. Shtat qonunchiligiga ko‘ra, barcha okruglar 2027-yil iyuligacha bunday tartibni ishlab chiqishi va joriy etishi kerak.
Stenford universiteti qoshidagi Generativ sun’iy intellekt va ta’lim markazi direktori Kris Agnyuning fikricha, Yutada bu borada yuqoridan belgilangan aniq tizim mavjud.
“Katta o‘zgarishlarni amalga oshirishda barcha bir xil tamoyil asosida harakat qilsa, yagona yondashuvni shakllantirish osonroq bo‘ladi”, — deydi u.
Keyinchalik Meyn, G‘arbiy Virjiniya va Jorjiya kabi bir nechta shtatlar ham Vinters egallagan lavozimga o‘xshash lavozimlarni joriy etgan.
Boshqa shtatlarda esa sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha turli yondashuvlar shakllangan. Har bir maktab okrugi o‘z qoidalarini ishlab chiqmoqda. Biroq keng ko‘lamli sun’iy intellekt savodxonligi treninglarini tashkil etish katta mablag‘ talab qiladi. Bu esa moliyaviy imkoniyatlari cheklangan hududlardagi o‘quvchilar bunday ta’limdan yetarlicha foydalana olmasligi mumkinligi haqidagi xavotirlarni yuzaga keltirmoqda.
Vintersning aytishicha, Yutada treninglar sun’iy intellekt qanday ishlashini tushuntirishdan boshlanadi. O‘qituvchilarga texnologiyadagi tarafkashlik, noto‘g‘ri ma’lumot yaratish holatlari, axloqiy masalalar va ma’lumotlar maxfiyligi bilan bog‘liq xavflar o‘rgatiladi. Shundan so‘ng ular muayyan vositalardan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha treninglarda qatnashishi mumkin.
“Har bir inson bu texnologiya nima ekanini va qanday ishlashini tushunishi kerak. Sun’iy intellekt savodxonligi shunchaki ‘undan foydalanmang’ deyishdan ancha keng tushuncha. Gap bolalarni kelajakka qanday tayyorlash haqida bormoqda”, — deya qo‘shimcha qiladi u.
Shtat Ta’lim kengashining raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassisi Kristina Yamadaning fikricha, o‘qituvchilar o‘quvchilarning sun’iy intellektdan foydalanishini faqat ko‘chirmachilik sifatida baholashni bas qilishi kerak. Chunki avval ham ta’limda akademik halollik bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Endi esa pedagoglar o‘quvchilar bilan ular tushunadigan tilda muloqot qilib, barcha javoblarni sun’iy intellektdan kutish mumkin emasligini tushuntirishi lozim.
Shuningdek, yosh bolalar bilan sun’iy intellekt haqida imkon qadar erta suhbatlashish kerak. Bunda ularga “Odamlar yolg‘on gapirishi mumkin. Dastur ham yolg‘on ma’lumot berishi mumkin. Robot ham aldashi mumkin”, degan tushunchalarni singdirish muhim.
Yuqori sinf o‘quvchilariga esa boshqacha yondashuv zarur.
“Albatta, siz ChatGPT’dan kompyuter kodi yozishda foydalanishingiz mumkin. Ammo dastur ishlamay qolsa, uni tuzatishni ham bilishingiz kerak”, — deydi mutaxassis.
Avvalroq, talabaning o’zi bajargan vazifani AI bajargan vazifadan qanday farqlash mumkinligi haqida ma’lumot berilgandi.

