Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliqdagi ayrim maktablarda gazeta obunasi uchun majburiy pul yig‘ilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat MMTB holat nazoratga olingani va obuna majburiy emasligini aytmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi umumta’lim maktablarida gazeta va jurnallarga obunasi uchun pul yig‘ilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu bo‘yicha Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Viloyat MMTB ma’lum qilishicha, xabarlarda keltirilgan holat Olmaliq shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan nazoratga olingan.
Boshqarma ta’kidlashicha, gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish ixtiyoriy bo‘lib, har bir fuqaroning shaxsiy xohish-istagiga asoslanishi kerak. Ta’lim tashkilotlarida pedagoglar va boshqa xodimlar, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalarini obunaga majburlash, buning uchun pul talab qilish yoki ularga bosim o‘tkazish mumkin emas.
Matbuot nashrlarini targʻib qilish va mutolaa madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ham ixtiyoriylik tamoyiliga asoslanishi shart. Bunday tashabbuslarni majburiy pul yigʻimiga aylantirishga qaratilgan har qanday urinish nomaqbuldir, – deyiladi xabarda.
Avvalroq, Jizzax viloyati Baxmal tumanida maktab va bog‘cha xodimlaridan xayriya hashari uchun ish haqidan bir kunligi ushlab qolish to‘g‘risida ariza majburlab olinayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirgandi.
