Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan 73 ta akademik litseyda o‘quvchilar va pedagoglar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda 27 mingdan ortiq respondent qatnashib, dars sifati, o‘qituvchilar faoliyati va ta’lim sharoitlariga munosabatini bildirgan.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan e’lon qilingan axborot-tahliliy sharhga ko‘ra, 2026-yil 21-martdan 9-aprelga qadar o‘tkazilgan so‘rovnomada respublikaning barcha 14 ta hududidagi 73 ta akademik litsey qamrab olingan.
Unda 24 557 nafar o‘quvchi va 2 520 nafar pedagog ishtirok etgan.
O‘quvchilarning aksariyati darslar sifatini ijobiy baholagan. So‘rovnomada qatnashganlarning 86 foizi dars sifati va o‘qituvchilarning mahoratidan mamnunligini bildirgan.

Pedagoglarning 95,6 foizi o‘quvchilar bilimini baholash tizimini shaffof deb baholagan. Shuningdek, o‘qituvchilarning 98,6 foizi o‘quvchilarning oliy ta’lim tashkilotlariga tayyorgarlik darajasiga ijobiy baho bergan.
O‘quvchilar darslik va kutubxona resurslarini nisbatan yuqori baholagan — bu yo‘nalish bo‘yicha ijobiy javoblar 83 foizni tashkil etgan. IT va internet sharoitlariga 75 foiz ijobiy baho berilgan.
Sport infratuzilmasi hamda sinfxona va maishiy sharoitlar esa nisbatan past baholangan. Bunda sport infratuzilmasi – 58,8 foiz va auditoriya hamda maishiy sharoitlar – 58,6 foizni tashkil etgan.
O‘quvchilarning oliy ta’limga kirish imkoniyatiga munosabati ham o‘rganilgan. Ularning 70,1 foizi oliy ta’lim tashkilotiga kirishiga to‘liq ishonishini bildirgan. Yana 25,4 foizi bunga ishonishini, biroq qo‘shimcha tayyorgarlik zarurligini qayd etgan.
So‘rovnomada qatnashgan o‘qituvchilarning 25 foizi ish yuklamasini yuqori deb baholagan. Xalqaro malaka oshirish va stajirovka dasturlari bilan qamrov esa 56,1 foizni tashkil etgan.

O‘quvchilar va pedagoglarning ochiq javoblarida ham ta’lim jarayoni, o‘quv dasturlari, binolar, infratuzilma va texnik jihozlarni yaxshilash masalalari ko‘p tilga olingan.
Ta’lim sifati va o‘quv jarayoni bo‘yicha eng yuqori natijalarni quyidagi akademik litseylar qayd etgan:
- Qarshi davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyi – 96,4 ball;
- Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti akademik litseyi – 93,2 ball;
- ‘‘International Finance’’ akademik litseyi – 92,1 ball.
To‘liq ma’lumotlar bilan axborot-tahliliy sharhda tanishishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, agentlikning avval e’lon qilingan sharhiga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni 24 647 nafarni tashkil etgan. Ularning yarmidan ko‘prog‘i Hindiston fuqarolaridir.
