Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev “Intil” xalqaro til va kasbga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi. Davlat rahbari xorijda ishlash istagidagi yoshlarni maktab davridan boshlab chet tillari va kasb-hunarga o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi “Intil” xalqaro til va kasbga oʻqitish markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbariga markazning imkoniyatlari, taʼlim dasturlari va xorijlik hamkorlar bilan yoʻlga qoʻyilgan loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Oʻn yil oldin qonuniy migratsiya boʻyicha sanoqli davlatlar bilan kelishuvimiz bor edi. Bugun ochiqlik siyosatimiz tufayli yoshlarimiz uchun koʻplab davlatlarda munosib ish imkoniyatlari ochilmoqda. Men yoshlarimizni chet elga oddiy ishchi emas, malakali mutaxassis sifatida yubormoqchiman. Maqsadimiz – ularga kasb oʻrgatish, yangi muhit va madaniyatga moslashishiga koʻmaklashish, – dedi Prezident.
Majmuada 600 oʻrinli oʻquv, 180 oʻrinli amaliy mashgʻulot xonalari, 120 oʻrinli imtihon markazi va 400 oʻrinli yotoqxona mavjud. Ma’lum qilinishicha, hozirda 6 ta xalqaro loyiha doirasida 240 nafar tinglovchi tahsil olmoqda. Ular uchun oʻqish va yotoqxona bepul.
Prezident til va kasbga oʻqitish xonalaridagi mashgʻulotlar bilan tanishdi. Markazda nemis, ingliz, yapon, koreys, chex, polyak, italyan va slovak tillari oʻrgatiladi. Til tayyorgarligi dasturlari 6 oydan 10 oygacha davom etadi. Ularning mazmuni xorijlik ish beruvchilarning ehtiyojlariga qarab yangilab boriladi.

Kasbiy taʼlim 12 ta dasturni qamrab olgan. Tinglovchilar tibbiyot, payvandchilik, elektr va santexnika ishlari, ombor logistikasi, qurilish, mehmonxona va restoran xizmati, oshpazlik kabi yoʻnalishlar boʻyicha tayyorlanmoqda. Markazda 40 nafar mahalliy xodim va oʻqituvchi, shuningdek, 6 nafar xorijlik til oʻqituvchisi faoliyat yuritmoqda.
Qayerga bormanglar, oʻsha davlatda madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va tariximizni tanishtiringlar. Yaqinda Yaponiyaning Nagoya shahri meri yoshlarimizning madaniyati va odobiga qoyil qolib, menga maktub yoʻlladi. Sizlar haqingizda ham “buyuk tarixga ega buyuk mamlakat farzandlari ekan” degan gaplar aytilishini istayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev tinglovchilar bilan suhbatda.
Shu bilan birga, davlat rahbari amaliy simulyatsiya xonalarida kommunal va qurilish sohalariga oid mashgʻulotlarni koʻzdan kechirdi. Bu yerda tinglovchilar ish joyiga yaqinlashtirilgan sharoitda kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlaydi. Jumladan, santexnika va elektr tizimlari bilan ishlash oʻrgatiladi, payvandchilar ISO 9606 xalqaro standartlari asosida tayyorlanadi. Oʻquv jihozlari Germaniya, Xitoy va Rossiyadan keltirilgan.
Shundan soʻng davlatimiz rahbari imtihon xonalarini koʻrdi. Markazda tinglovchilarni xalqaro til sertifikatlariga tayyorlashga eʼtibor qaratilib, ÖSD, TELC, J-CERT va EPS TOPIK imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratilgan.
Ingliz tiliga qanday imtiyoz bergan boʻlsak, nemis va yapon tillarini ham shunday oʻrgatamiz. Maktabni tugatgandan keyin kafolatli ish joyiga ega boʻlishi uchun tilni ham, kasbni ham maktabdayoq oʻrgatishimiz kerak, – dedi davlat rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev chet ellik ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, nomzodlarni saralash, til va kasbga oʻqitish hamda ishga joylashtirishga koʻmaklashishni birlashtirgan ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda kelasi yil maktab va texnikumlarda nemis tilini o‘rgatish uchun 500 nafar til egasi jalb etilishi haqida ma’lum qilindi.


