“Bitiruvchi sifati indeksi”ni hisoblashda qoʻllaniladigan indikatorlarni aniqlash tartibi belgilandi

“Bitiruvchi sifati indeksi”ni hisoblashda qoʻllaniladigan indikatorlarni aniqlash tartibi belgilandi

“Bitiruvchi sifati indeksi”ni hisoblashda bitiruvchilarning bandligi, barqaror ish bilan ta’minlanishi, o‘rtacha oylik daromadi va bandlik toifasi inobatga olinadi. Ushbu indikatorlar va ularni hisoblash koeffitsiyentlarini aniqlash tartibi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

 

Adliya vazirligi “Bitiruvchi sifati indeksi”ni hisoblashda qo‘llaniladigan indikatorlar va koeffitsiyentlarni aniqlash tartibini belgilovchi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026-yil 31-oktyabrda 3964-son bilan ro‘yxatga olingan.

 

Unga ko‘ra, “Bitiruvchi sifati indeksi” hisobot yili yakunlari bo‘yicha to‘rtta indikator asosida shakllantiriladi:

 

  • bitiruvchilarning band bo‘lish tezligi;
  • barqaror bandlik darajasi;
  • o‘rtacha oylik daromadi;
  • bandlik toifasi.

 

Hisobot yili 1-iyuldan boshlanib, keyingi yilning 30-iyun sanasiga qadar davom etadigan 12 oylik davrni qamrab oladi.

 

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchilar uchun band bo‘lish tezligi va bandlik toifasi indikatorlarini hisoblashda eng yuqori koeffitsiyent qo‘llaniladi. Shuningdek, barqaror bandlik darajasini hisoblashda ular bandligi ta’minlangan bitiruvchilar sifatida hisobga olinadi.

 

Agar bitiruvchi bandlik toifasi indikatorini hisoblashda bir vaqtning o‘zida bir nechta toifaga mansub bo‘lsa, unga nisbatan belgilangan oshiruvchi koeffitsiyentlarning eng yuqorisi qo‘llaniladi.

 

Ma’lumot uchun, Prezidentning 2026-yil 10-apreldagi 58-son Farmoniga muvofiq, “Bitiruvchi sifati indeksi”ni ishlab chiqish hamda har yili eng yuqori indeksga ega 20 ta oliy ta’lim tashkilotining Karyera markazlarini 500 mln so‘mdan moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.