2-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda yoshlarni kasb va chet tillariga o‘qitish masalasiga ham to‘xtaldi. Buning uchun texnikumlarning bir qismini bepul ijaraga berish va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish belgilandi.
Bugun, 2-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish tartibi soddalashtirilgach, ikki yil ichida ularning soni uch baravar ko‘paygan. Ushbu agentliklar orqali xorijda ishga joylashgan fuqarolar soni esa besh karra oshgan.
Shu bilan birga, sohada xatolar, korrupsiya va fuqarolarni aldash holatlari ham kuzatilgani ta’kidlandi. Bunday muammolarni bartaraf etish maqsadida alohida qonun qabul qilinib, faoliyatning huquqiy asoslari yaratildi.
Kelgusi yildan fuqarolarni xorijga ishga yuborish vazifasini xususiy sektordagi eng ishonchli bandlik agentliklariga to‘liq o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun agentlikka 1,5 million so‘mdan rag‘bat puli beriladi.
Yoshlarni kasb-hunar va chet tillariga tayyorlash uchun texnikum binolarining bir qismi bepul ijaraga beriladi. Shuningdek, xorijdan jalb qilinadigan o‘qituvchi va ekspertlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.
O‘quv jarayoni uchun zarur uskuna va jihozlar esa bojxona bojidan ozod qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu yig‘ilishda kelasi yil maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun 500 nafar til egasi jalb qilinishi ma’lum qilingan edi.
