Qashqadaryoda ham attestatsiya savollari suratga olinib, tarqatilgani aniqlandi

Qashqadaryoda ham attestatsiya savollari suratga olinib, tarqatilgani aniqlandi

Pedagoglarning malaka toifasi sinovlarida test topshiriqlarini suratga olish bilan bog‘liq yana bir holat aniqlandi. Bu safar Qashqadaryoda musiqa madaniyati fani bo‘yicha imtihon topshirgan ishtirokchi ruxsat etilmagan kamera qurilmasi orqali savollarni tasvirga olgan.

 

Avvalroq Farg‘ona viloyatida pedagoglarning malaka toifasi sinovlarida test savollari suratga olinib, imtihon hududidan tashqariga olib chiqilgani haqida xabar bergan edik.

 

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo viloyatida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga ko‘ra, 2026-yil 31-oktyabr kuni musiqa madaniyati fani bo‘yicha attestatsiya sinovida ishtirok etgan Sh.S.B. ruxsat etilmagan kamera qurilmasini sinov hududiga olib kirib, test topshiriqlarini tasvirga olgan.

 

Ishtirokchi sinovni soat 13:11 da boshlagan va 14:05 da yakunlagan. U jami 28 ball to‘plagan.

 

Markaz test topshiriqlari har bir smena uchun yangilanishini qayd etgan. Shu sababli suratga olingan savollar keyingi smenalarda qo‘llanilmagan va holat boshqa ishtirokchilar uchun ustunlik yaratmagan.

 

Shu bilan birga, ruxsat etilmagan texnik qurilmalarni sinov hududiga olib kirish va test topshiriqlarini tasvirga olish belgilangan tartib-qoidalarni buzish hisoblanadi.

 

Holat yuzasidan ishtirokchiga nisbatan amaldagi tartibda tegishli choralar ko‘rilishi bildirilgan.