Qashqadaryolik o‘quvchi 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Qashqadaryolik o‘quvchi 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Qashqadaryoda 11-sinf o‘quvchisi beshta fandan milliy sertifikatlar olib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. U kelajakda Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olishni maqsad qilgan. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashdi.

 

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 103-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Fayzullayeva Gulsanam Ubaydulla qizi 5 ta fandan milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi. U sakkizinchi sinfdan boshlangan tayyorgarlik jarayoni orqali muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

O‘quvchi biologiya A+, kimyo A, matematika C+, tarix hamda o‘zbek tili va adabiyotidan B darajali sertifikatlarni olgan.

 

Gulsanamning Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga aytishicha, milliy sertifikat olish istagi unda sakkizinchi sinfda paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng u o‘z oldiga maqsad qo‘yib, tayyorgarlikni boshlagan.

 

Sakkizinchi sinfda milliy sertifikat olish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Tayyorgarlik jarayonlari men uchun belgilangan reja asosida kechdi. Har bir sertifikat uchun o‘rtacha 5–6 oy tayyorlandim, — deydi u.

 

Tayyorgarlik davomida o‘quvchi darsliklar, elektron qo‘llanmalar va maktabdagi ustozlarining qo‘shimcha mashg‘ulotlaridan foydalangan. Ayniqsa, o‘qib tushunish, mustaqil tahlil va masalalar yechish ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratgan.

 

Qat’iy reja va vaqtdan unumli foydalanish

 

Maktab darslari bilan bir qatorda milliy sertifikat imtihonlariga tayyorlanish ham muayyan vaqt va kuch talab qiladi. Gulsanam bu ikki jarayonni birgalikda olib borishda vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qilgan.

 

Uning fikricha, sertifikat imtihonlaridagi savollar oson emas. Shu sababli ularga tayyorlanishda muntazam shug‘ullanish va mavzularni chuqur o‘zlashtirish muhim.

 

Maktab darslari va qo‘shimcha tayyorgarlikka qat’iy reja asosida, vaqtdan unumli foydalangan holda ulgurdim. Ba’zan uyqu rejimim ham buzilgan holatlar bo‘ldi. Ammo maqsadga intilish kuchi meni oldinga boshladi, — deydi o‘quvchi.

 

Muvaffaqiyatsiz natijalar uni to‘xtatmagan

 

Yuqori natijalarga erishish jarayonida hammasi doim kutilganidek kechavermaydi. Gulsanam ham ayrim imtihonlarda o‘zi istagan natijani qo‘lga kirita olmagan. Biroq bunday vaziyatlarda tushkunlikka tushmaslikka va xatolaridan xulosa chiqarishga harakat qilgan.

 

Psixologik tayyorgarlik juda muhim. Menda ham ba’zan o‘zim xohlagan sertifikat natijasi chiqmagan holatlar bo‘ldi. Lekin orzu yo‘lida to‘xtamadim.

 

Imtihon jarayonida savollarga javob berishda ham o‘ziga xos usuldan foydalanadi. Avval o‘zi to‘g‘ri deb hisoblagan javoblarni belgilaydi, keyin qolgan savollarni qayta ko‘rib chiqadi.

 

Gulsanamning fikricha, shoshqaloqlik qilish va yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarmaslik o‘quvchilarning natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Kelajakdagi maqsadi — tibbiyot sohasida tahsil olish

 

Hozirda bitiruvchining asosiy maqsadi Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olish. U milliy sertifikatlar orqali qo‘lga kiritgan imkoniyatlaridan foydalanib, kelajakda tanlagan sohasida bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishni istaydi.

 

Ayni paytda Gulsanam jahon adabiyotining durdona asarlarini mutolaa qilmoqda. Yaqin kunlarda xorijiy tillar kurslariga qatnashishni ham rejalashtirgan.

 

Uning fikricha, katta maqsadlarga erishishda faqat bilimning o‘zi emas, balki sabr, intizom, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va qiyinchiliklar oldida taslim bo‘lmaslik ham muhim ahamiyatga ega.

 

Gulsanamni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!

 

Avvalroq, SAT imtihonidan 1530 ball, ingliz tilidan CEFR B2 va o‘zbek tili va adabiyotidan B+ darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan jizzaxlik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.