“1530 ball barcha maqsadlarim real ekanini isbotladi” — SAT va yana ikki sertifikatni qo‘lga kiritgan o‘quvchi

“1530 ball barcha maqsadlarim real ekanini isbotladi” — SAT va yana ikki sertifikatni qo‘lga kiritgan o‘quvchi

Jizzaxda maktab o‘quvchisi Shohobiddinova Shahrizoda Ibodulla qizi SAT imtihonidan 1530 ball, ingliz tilidan CEFR B2 va o‘zbek tili va adabiyotidan B+ darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashdi.

 

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 5-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shohobiddinova Shahrizoda SAT imtihonidan 1530 ball, ingliz tilidan CEFR B2 va o‘zbek tili va adabiyotidan B+ darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

 

Qariyb ikki yil davomida turli imtihonlarga tayyorlangan Shahrizoda endilikda xorijning nufuzli universitetlarida to‘liq grant asosida tahsil olishni maqsad qilgan. Uning muvaffaqiyati ortida aniq maqsad, muntazam mehnat, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va ustozlar ko‘magi turibdi.

 

Shahrizodaning kelajakka bo‘lgan qarashlari 9-sinfda o‘qib yurgan paytlarida o‘zgara boshlagan. Aynan shu davrda u oldiga katta maqsadlar qo‘yib, ingliz tilini chuqurroq o‘rganishga kirishgan.

 

“Vaqt o‘tishi bilan o‘z oldimga dunyoning eng nufuzli universitetlarida ta’lim olish va katta muvaffaqiyatlarga erishish maqsadini qo‘ydim. Bu maqsad meni xalqaro miqyosda tan olinadigan SAT va CEFR kabi nufuzli sertifikatlarni olishga undadi. Meni bunga hech kim majbur qilgani yo‘q, barchasi shaxsiy maqsadlarim va orzularimning natijasi”, — deydi o‘quvchi.

 

Shahrizodaning Talimxabarlari.uz sayti muxbiri ma’lum qilishicha, ushbu maqsadlar yo‘lida u qariyb ikki yil vaqt sarflagan. Ingliz tili bilimlarini mustahkamlash va CEFR imtihoniga tayyorlanish uchun bir yil ajratgan o‘quvchi ona tili va adabiyotidan milliy sertifikat olish uchun bir oy davomida intensiv shug‘ullangan. SAT imtihoniga esa 5 oy tayyorgarlik ko‘rgan.

 

Muvaffaqiyat kaliti — intizom va to‘g‘ri strategiya

 

Maktab darslari, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va imtihonlarga tayyorgarlikni bir vaqtda olib borish oson emas. Shahrizoda uchun ham bu jarayon vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va o‘z ustida muntazam ishlashni talab qilgan.

 

“Bu jarayon menga eng muhim narsani — o‘zimni boshqarishni (self-discipline) va vaqtning qadriga yetishni o‘rgatdi. Qachonki vaqtni to‘g‘ri taqsimlab, har bir daqiqadan unumli foydalanishni o‘rgansangiz, maktab dasturi va qo‘shimcha darslarni birga olib borish ancha oson va samarali bo‘ladi”, — deydi u.

 

Imtihonlarga tayyorgarlikda to‘g‘ri manbalarni tanlash ham muhim ahamiyat kasb etgan. Shahrizoda SAT uchun Khan Academy platformasi va Top Tier resursidan foydalangan. Ustozining tavsiyalari, maxsus qo‘llanmalar, kitoblar va qo‘shimcha materiallar esa imtihon savollariga strategik yondashishni o‘rganishiga yordam bergan.

 

Biroq, tayyorgarlik jarayoni doimo bir xil sur’atda kechmagan. Ba’zida charchoq, ba’zida esa test natijalarining uzoq vaqt o‘zgarmasligi uning motivatsiyasiga ta’sir qilgan. Shunday paytlarda Shahrizoda ustozining maslahatlariga tayangan, o‘ziga qisqa tanaffuslar berishni o‘rgangan va asosiy maqsadlarini yodda tutgan.

 

“Eng muhimi, tushkunlik vaqtinchalik holat ekanini, yakuniy maqsadim esa undan ancha yuqorida turishini o‘zimga eslatib turdim. Intizom va to‘xtamasdan harakat qilish meni qiyinchiliklardan olib chiqdi”, — ta’kidlaydi o‘quvchi.

 

1530 ball — katta maqsadlar sari ishonch

 

Imtihon oldidan hayajon bo‘lishi tabiiy. Shahrizoda esa tayyorgarlik davomida o‘zini ko‘p bor sinab ko‘rgani sabab imtihon vaqtida diqqatini savollarga qaratishga harakat qilgan. Natijani kutish esa alohida sabr talab qilgan.

 

“Ekranda 1530 ballni ko’rgan lahzamdagi emotsiyani so’z bilan ta’riflab berish qiyin, siz buni tasavvur ham qila olmaysiz! Bundan atigi yarim yil oldin SAT’dan yuqori ball olgan tengdoshlarimga havas bilan qarardim va o‘z oldimga: “Men ham uddalayman, men ham dunyoning eng nufuzli universitetlarida o‘qiyman!” deb qat’iy maqsad qo‘ygan edim. Shu sababli, o‘sha 1530 raqami menga barcha maqsadlarim mutlaqo real ekanligini isbotladi”, — deydi u.

 

Bu yo‘lda otasining qo‘llab-quvvatlashi ham unga kuch bergan. Tayyorgarlik davomida charchagan yoki qiynalgan paytlarida dadasining bir gapi unga dalda bo‘lgan.

 

“Dadajonimning “Bugungi qilgan mehnating — ertangi kelajaging!” degan so‘zlari qulog‘im ostida yangrardi. Natijani ko‘rganimda bu so‘zlarning haqiqat ekaniga va mehnatlarim to‘liq oqlanganiga amin bo‘ldim”.

 

Navbatdagi maqsad — xorijiy universitet va to‘liq grant

 

Shahrizoda erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmoqchi emas. Hozirda u IELTS imtihonidan yuqori ball olish, o‘z portfoliоsini kuchaytirish va xorijiy universitetlarga hujjat topshirish ustida ishlamoqda. Universitetlarga kirish jarayonining muhim qismi bo‘lgan insholarni yozish va kerakli hujjatlarni tayyorlash ham uning hozirgi vazifalari qatorida.

 

O‘quvchi AQSh va boshqa rivojlangan davlatlardagi nufuzli universitetlarga hujjat topshirib, to‘liq grant asosida ta’lim olishni rejalashtirgan. Kelajakda esa egallagan bilimlarini O‘zbekiston rivojiga yo‘naltirish niyatida.

 

Shahrizoda o‘ziga o‘xshab katta maqsadlar sari intilayotgan tengdoshlariga ham maslahat berdi. Uning fikricha, muvaffaqiyatga erishish uchun boshqalarning natijalariga havas qilishning o‘zi yetarli emas — buning ortidan izchil harakat va mehnat kelishi kerak.

 

“Eng asosiy maslahatim — hech qachon o’zingizga bo’lgan ishonchni yo’qotmang va o’zingizning kuchingizga mutlaqo shubha qilmang. Boshqalar erishgan natijaga siz ham to‘g‘ri strategiya, kuchli ustoz va tinimsiz mehnat orqali albatta erisha olasiz. Har safar charchaganingizda yoki ortga chekinmoqchi bo‘lganingizda, bu mehnatlar ertangi porloq kelajagingiz uchun poydevor ekanini unutmang”, — deydi Shahrizoda.

 

Uning hikoyasi katta maqsad sari yo‘l bir kunda bosib o‘tilmasligini ko‘rsatadi. Ba’zan bu yo‘l oylar davom etgan tayyorgarlik, natijani kutish, charchoq va shubhalardan iborat bo‘ladi. Ammo aniq maqsad, intizom va muntazam mehnat insonni o‘zi orzu qilgan manzilga yaqinlashtiradi.

 

Shahrizodani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!

 

Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

 

Avvalroq, matematika fanidan A darajali milliy sertifikat, ingliz tilidan CEFR B2 va SAT imtihonidan 1430 ballik sertifikatlarni qoʻlga kiritgan 11-sinf oʻquvchisi Zoxidjon Toʻxtayev bilan suhbatlashgan edik.