Prezident Olimpiadasi g‘oliblari OTMlarga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi

Prezident Olimpiadasi g‘oliblari OTMlarga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi

Prezident Olimpiadasida g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalarining sport yo‘nalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi. Kelasi yildan musobaqa g‘oliblariga bir yillik stipendiya berish ham yo‘lga qo‘yiladi.

 

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida ishtirok etmoqda.

 

Joriy yilda musobaqada hududlardan kelgan 3 500 nafardan ortiq yosh 26 ta Olimpiya va Paralimpiya sport turi bo‘yicha bellashmoqda. Ularga 1 500 nafar murabbiy hamrohlik qilmoqda.

 

Prezident yosh sportchilarga murojaat qilib, chempionlikka kuchli iroda va temir intizom orqali erishilishini ta’kidladi.

 

Ilgari surilayotgan “O‘z” g‘oyasining mazmun-mohiyati ham shunda ekanini qayd etdi.

 

‘‘O‘zingga ishon! O‘z ustingda ishla! O‘z yurtingga munosib bo‘l!’’ – dedi Prezident.

 

Davlat rahbari xalqaro maydonda mamlakatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganda butun xalqimiz sportchilar bilan faxrlanishini ta’kidladi.

 

Kelasi yildan Prezident Olimpiadasi g‘olib va sovrindorlarining pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi. Birinchi o‘rin sohiblariga 25 million, ikkinchi o‘rin uchun 12 million, uchinchi o‘rin uchun 6 million so‘m beriladi.

 

Shuningdek, olimpiadada g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliygohlarning sport yo‘nalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.

 

Bundan tashqari, Prezident Olimpiadasi dasturidagi sport turlari soni 35 taga yetkaziladi. Musobaqa 14–17 yoshdagi o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladi.

 

Har yili olimpiada g‘oliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro yig‘inlarga yuboriladi, kelasi yildan esa g‘oliblarga bir yillik stipendiya berish boshlanadi. O‘z yo‘nalishida eng yaxshi natijaga erishgan sport maktabi zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.