Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi informatika fani o‘qituvchisining attestatsiya test topshiriqlari murakkabligi yuzasidan bildirgan e’tirozlarini o‘rganib chiqdi. Markaz tahlil natijalariga ko‘ra, topshiriqlar test spetsifikatsiyasi va tavsiya etilgan adabiyotlar asosida tuzilganini ma’lum qildi.
Xabaringiz bor, 2026-yil kuzgi attestatsiya sinovlari 26-oktyabrdan boshlandi. Unda informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Ijtimoiy tarmoqlarda informatika fani o‘qituvchisi D.Y. attestatsiya testlarining murakkabligi, xususan, kasbiy standart va pedagogik mahoratga oid savollar yuzasidan e’tiroz bildirgan.
Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ushbu e’tirozlarni mutaxassislar ishtirokida o‘rganib chiqdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, ko‘rib chiqilgan topshiriqlar mazmuni 15-avgust kuni e’lon qilingan test spetsifikatsiyasida belgilangan talablar hamda tavsiya etilgan adabiyotlarga asoslangan.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, savollar o‘qituvchilarning kasbiy bilimlari, pedagogik yondashuvlari va ularni amaliy vaziyatlarda qo‘llash ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan. Talabgor noto‘g‘ri javob bergan savollar tegishli o‘quv adabiyotlari va kasbiy standart asosida tahlil qilinib, to‘g‘ri javoblar mutaxassislar tomonidan izohlangan.
Talabgor 50 ta test topshirig‘idan 22 tasiga to‘g‘ri javob berib, 44 ball to‘plagan. Jumladan, mutaxassislik fanidan 11 ta, kasbiy standart bo‘yicha 4 ta hamda pedagogik mahorat bo‘yicha 6 ta savolga to‘g‘ri javob bergan.
Tahlil davomida talabgor noto‘g‘ri javob bergan quyidagi topshiriqlar yuzasidan izoh berildi:
37-savol — kasbiy standart. Savol o‘quvchilarning jamoaviy va loyihaviy ishlarini tashkil etish hamda individual ta’lim ehtiyojlaridan kelib chiqib differensial yordam berishga oid mehnat harakatlarini aniqlashga qaratilgan. To‘g‘ri javob: A) 2, 3. Talabgor 1 va 3-javoblarni tanlagan.
43-savol — pedagogik mahorat. Savolda o‘quvchilarning algoritmlarni mustaqil tekshirishi, natijalarni taqqoslashi va samaradorlik bo‘yicha xulosa chiqarishi tasvirlangan. To‘g‘ri javob — tadqiqot metodi. Talabgor tushuntirish-illyustrativ metodni tanlagan.
45-savol — pedagogik mahorat. Savol tarbiya metodlarini vaziyat asosida aniqlashga qaratilgan. To‘g‘ri javob: A) 1, 2, 3 — tushuntirish, uqtirish va axloqiy suhbat. Talabgor 1, 3, 5-javoblarni tanlagan.
46-savol — pedagogik mahorat. Savolda dars turlarini ularning xususiyatlari bilan moslashtirish talab etilgan. To‘g‘ri javob: A) 1-b, 2-a, 3-c. Talabgor 1-d, 2-c, 3-b mosligini tanlagan.
47-savol — pedagogik mahorat. Savol elektron jadvallarda oddiy formulalardan murakkab hisoblashlargacha bosqichma-bosqich o‘rgatish orqali namoyon bo‘ladigan didaktik tamoyilni aniqlashga qaratilgan. To‘g‘ri javob — o‘qitishning izchillik va tizimlilik tamoyili. Talabgor nazariya va amaliyot birligi tamoyilini tanlagan.
Markaz tahliliga ko‘ra, talabgorning asosiy xatolari kasbiy standart, pedagogik metodlar (tadqiqot, tarbiya) hamda didaktik tamoyillar (izchillik va tizimlilik) bilan bog‘liq savollarda kuzatilgan.
