Qorovulni to‘liq stavkaga o‘tkazish uchun pora olgan maktab direktoriga sud hukmi o‘qildi

Qorovulni to‘liq stavkaga o‘tkazish uchun pora olgan maktab direktoriga sud hukmi o‘qildi

Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida maktab qorovulining ish stavkasini 0,6 dan 1 stavkaga oshirib berish evaziga 4,5 mln so‘m olgan direktor sud hukmi o‘qildi. Unga 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, biroq jazo shartli deb hisoblanib, 2 yillik sinov muddati belgilangan.

 

‘‘Daryo’’ tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, N.T. 2022-yil dekabridan Jalaquduq tumanidagi umumta’lim maktablaridan birida direktor lavozimida ishlab kelgan.

 

U 2026-yil aprel oyida R.S.ni maktabga 0,6 stavkada qorovul sifatida ishga qabul qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, direktor ishga qabul qilish vaqtida undan 200 dollar so‘ragan, biroq qorovulda pul bo‘lmagani sababli mablag‘ berilmagan. 20-may kuni R.S. oyligi kamligini aytib, ish stavkasini 0,6 dan 1 stavkaga oshirib berishni so‘ragan. Direktor buning evaziga 4,5 mln so‘m berishi kerakligini, aks holda uning o‘rniga boshqa xodimni ishga olishi mumkinligini bildirgan.

 

Shundan so‘ng qorovul Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boshqarmasiga murojaat qilgan. Uning arizasi asosida 21-may kuni DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tezkor tadbir o‘tkazgan.

 

Tadbir davomida R.S. maktab hududidagi qorovulxonada direktorga kimyoviy ishlov berilgan 4,5 mln so‘mni topshirgan. Keyinroq pullar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

Sudda N.T. aybiga iqror bo‘lgan, biroq qorovuldan pul talab qilmaganini, aksincha, unga maktabga homiylik qilishni taklif etganini bildirgan.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi hukmi bilan N.T. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan pora olish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

 

Unga 2 yil muddatga davlat yoki davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish hamda 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanilib, ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli deb hisoblangan va 2 yillik sinov muddati belgilangan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda maktab direktori farroshlikka ishga kiritish uchun pora olayotganda ushlanganligi haqida xabar berilgan edi.