Biri oliy, biri birinchi toifani oldi: o‘qituvchilar attestatsiya taassurotlari bilan bo‘lishdi (video)

Biri oliy, biri birinchi toifani oldi: o‘qituvchilar attestatsiya taassurotlari bilan bo‘lishdi (video)

Attestatsiyaning ilk kunida Toshkentdagi ikki informatika o‘qituvchisi mos ravishda 82 va 72 ball to‘plab, oliy va birinchi malaka toifalarini oldi. Mazkur o‘qituvchilar bilan Talimxabarlari.uz muxbiri jarayon haqida suhbatlashdi.

 

Bugun, 26-oktyabr kuni pedagog kadrlarning attestatsiya sinovlari boshlandi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri Toshkent shahridagi maktablarda informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari bilan suhbatlashib, ularning natijalari va imtihon jarayoni haqidagi fikrlarini o‘rgandi.

 

Sergeli tumanidagi 68-maktabning informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi attestatsiyada 82 ball to‘plab, uchinchi urinishda oliy malaka toifasini qo‘lga kiritganini aytdi.

 

Uning ta’kidlashicha, avvalgi urinishlarida 74 va 78 ball olgan. O‘qituvchi savollar murakkab bo‘lmasa-da, fikrlashni talab qilganini, ular spetsifikatsiyada belgilangan mavzular doirasida tuzilganini bildirdi.

 

U attestatsiyaga tayyorlanishda turli botlar, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va “Sinov-test” platformasidan foydalangan. O‘qituvchining aytishicha, platformadagi demo-testlarni bir necha marta ishlab ko‘rgan va imtihonda ham shunga o‘xshash savollarga duch kelgan.

 

“Har safar attestatsiyaga tayyorlanib, topshirib ko‘rish kerak. Ko‘proq test ishlash va turli o‘qituvchilar bilan tayyorgarlik ko‘raverish kerak”, — dedi u.

 

Yunusobod tumanidagi 272-maktabdan sinovda qatnashgan yana bir informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi esa 72 ball to‘plab, birinchi malaka toifasini olgan.

 

U imtihon jarayonida texnik nosozliklar yoki boshqa kamchiliklarga duch kelmaganini bildirdi. Biroq ayrim savollar kutganidan ham qiyinroq bo‘lganini ta’kidladi.

 

O‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, u sinovga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan, shuningdek, pedagogik mahorat bo‘yicha ham shug‘ullangan. Uning fikricha, natijaga bilim bilan birga omad ham ta’sir qilgan.

 

Pedagog kadrlar attestatsiyasi o‘qituvchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda ularning malaka toifasini belgilash jarayonidir.

 

Eslatib o‘tamiz, 27–29-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan kuzgi attestatsiyada ona tili va adabiyot hamda oʻzbek tili (davlat tili) fanlari oʻqituvchilari ishtirok etadi. Ularning roʻyxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.