SAT’dan 1430 balldan 1540 ballgacha: o‘quvchi natijasini qanday yaxshiladi?

SAT’dan 1430 balldan 1540 ballgacha: o‘quvchi natijasini qanday yaxshiladi?

11-sinf o‘quvchisi Yusubboeva Kamola SAT imtihonidagi natijasini qisqa vaqt ichida 1430 balldan 1540 ballga oshirdi. U Talimxabarlari.uz muxbiri bilan suhbatda tayyorgarlik usulini qanday o‘zgartirgani va yuqori natijaga erishish uchun nimalarga e’tibor qaratgani haqida so‘zlab berdi.

 

Kamola bilan Talimxabarlari.uz muxbiri joriy yilning may oyida ham suhbatlashgan edi. O‘shanda u IELTS’dan 8.0, SAT’dan esa 1430 ball olgani haqida gapirib bergan. Biroq bu natija uning maqsadlari uchun yetarli emas edi. Shu sababli u sentyabr oyida SAT’ga tayyorgarlikni yana jiddiy boshlagan.

 

“Sentyabr oyida SAT’ga katta kuch bilan qaytdim va bir oy ichida ballimni 110 taga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldim. Imtihonga tayyorlanish usullarimni o‘zgartirdim, mavzularni qaytadan chuqurroq o‘rganib chiqdim va savollarni boshqacha tahlil qila boshladim”, — deydi Kamola.

 

Uning aytishicha, eng katta o‘zgarish SAT’ning ingliz tili bo‘limiga tayyorgarlikda bo‘lgan. Oldingi imtihonda Reading and Writing bo‘limidan 650 ball olgan Kamola avval ham savollarni tahlil qilgan, biroq bu safar tahlil usulini o‘zgartirgan.

 

“Bir oylik tayyorgarlik jarayonida tahlil qilishning o‘zi yetarli emasligini tushundim. To‘g‘ri tahlil qilish, aynan nimani tahlil qilish va bu jarayonda nimalarga e’tibor berish juda muhim ekan. Oldin javoblarim to‘g‘ri bo‘lsa ham, noto‘g‘ri bo‘lsa ham, ularni tahlil qilardim. Bu safar esa matnning har bir gapini, nima maqsadda berilganini, kerakli yoki chalg‘ituvchi ma’lumot ekanini alohida o‘rgandim”, — deydi u.

 

Kamola bu usul orqali ingliz tili bo‘limidagi savollarning asosiy qonuniyatlarini yaxshiroq tushuna boshlagan. Uning fikricha, javobning to‘g‘riligini tekshirish bilan cheklanmay, nima sababdan aynan shu javob to‘g‘ri ekanini anglash ham muhim.

 

Matematika bo‘yicha esa Kamola o‘zini ishonchli his qilgan. U bu fanni yaxshi ko‘rishini va jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmaganini aytadi. Shu sababli bir oylik tayyorgarlik davomida asosiy e’tiborini vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga qaratgan. Yangi savol turlarini ishlab, misollarni nafaqat belgilangan vaqt ichida yechish, balki imkon qadar tez va to‘g‘ri bajarish ustida ham shug‘ullangan.

 

Natijada Kamola SAT’ning Math bo‘limidan 790 ball, Reading and Writing bo‘limidan esa 750 ball to‘plagan. Umumiy natijasi 1430 balldan 1540 ballga ko‘tarilgan.

 

Tayyorgarlik davomida u asosan SATashkent materiallari, Bluebook va BlueCorn resurslaridan foydalangan. Kamola mustaqil tayyorgarlikni ham yuqori natijaga erishishning muhim omillaridan biri deb hisoblaydi. Uning fikricha, ustozning yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi muhim, biroq o‘quvchi o‘z ustida mustaqil ishlashi, vaqtini boshqarishi va o‘zini nazorat qila olishi ham kerak.

 

“Bir dars qilishni boshlasam, olti-yetti soatdan ko‘proq shug‘ullanardim. Lekin bu vaqt shunchaki o‘qish bilan o‘tmagan. O‘rganayotgan narsalarimni ich-ichimdan his qilishga va tasavvur etishga harakat qilardim. Mana shu — smart work. O‘n soat o‘tirib, shunchaki o‘qish uchun o‘qisangiz, buning foydasi yo‘q. Har bir materialni his qilish kerak”, — deydi Kamola.

 

U imtihondan chiqqanida savollar qiyin tuyulgani sababli bunday natijani kutmagan. Xatolarini taxminan hisoblab ko‘rgan bo‘lsa-da, yakuniy natija uning o‘z hisob-kitobidan ancha yaxshi chiqgan.

 

Kamolaning SAT’ga tayyorlanayotganlarga asosiy maslahati — testlar sonidan ko‘ra, ularni chuqur tahlil qilishga e’tibor qaratish. “Quality is important, not quantity”, — deydi u. Ya’ni sifat miqdordan muhim.

 

Kamola bu fikrini uy qurishga qiyoslaydi: agar uy noto‘g‘ri qurilgani sababli qulagan bo‘lsa, muammoni aniqlamasdan yana o‘sha usulda qurishdan foyda yo‘q.

 

“Savollarni tahlil qilmaslik xuddi noto‘g‘ri qurilgan uy qulaganini ko‘rib turib, asl muammoni o‘rganmasdan yana eski usulda uy qurishga o‘xshaydi. Istasangiz, 50 marta quring, lekin muammoni o‘rganmasangiz, uyingiz 51-martada ham qulayveradi”, — deya tushuntiradi u.

 

Kamola erishilgan natijalarni yakuniy manzil emas, yangi maqsadlar sari harakatlanish uchun turtki deb biladi.

 

“Har safar yiqilishim meni o‘sha maqsadga albatta erishishga, har safar g‘alaba qozonishim esa kattaroq maqsadlar tomon harakat qilishga undaydi”, — deydi u.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda 11-sinf o‘quvchisi SAT 1400, CEFR B2 hamda matematika B natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritganligi haqida xabar berilgan edi.