Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga ilmiy-pedagogik faoliyat, bioinformatika, jamoat xavfsizligi hamda intellektual xavfsizlik tizimlariga oid yangi pozitsiyalarni kiritish taklif etilmoqda.
Muhokamalar portaliga ‘‘Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorining ilovasiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida’’ gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihada klassifikatorga bir qator yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini kiritish taklif qilinmoqda. Jumladan:
— Ilmiy-pedagogik faoliyat;
— Bioinformatika;
— Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyati ta’lim yo‘nalishi;
— Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil etish mutaxassisligi;
— Jamoat xavfsizligini ta’minlashning maxsus-taktik faoliyati mutaxassisligi;
— Intellektual xavfsizlik tizimining muhandislik faoliyati ta’lim yo‘nalishi;
— Intellektual xavfsizlik tizimining qo‘mondonlik-muhandislik faoliyati mutaxassisligi.
Shuningdek, loyihada “Barqaror turizm va ekoturizmni boshqarish”, “Barqaror turizm” hamda “Barqaror moliya”ga oid pozitsiyalarni qayta tahrirlash taklif etilgan. Bu nomlar amaldagi klassifikatorda ham mavjud bo‘lib, loyihada boshqa raqamlarga ko‘chirish va kodlarini o‘zgartirish nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida ham yangi ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari joriy etilgani haqida xabar bergan edik. Hozirda esa klassifikatorga navbatdagi o‘zgartirishlarni kiritish bo‘yicha loyiha muhokamaga qo‘yilgan. Loyiha 23-oktyabrdan 2-noyabrgacha muhokama uchun taqdim etilgan.
