Mehnat kodeksiga ko‘ra, ayrim toifadagi shaxslar ishga qabul qilinganda ularga dastlabki sinov muddati belgilanmaydi. Bu qoida homilador ayollar, 18 yoshga to‘lmaganlar, ayrim bitiruvchilar va boshqa toifadagi xodimlarga taalluqli.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 129-moddasida ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxslar ro‘yxati keltirilgan.
Unga ko‘ra, quyidagi shaxslarga ishga kirishda dastlabki sinov muddati belgilanmaydi:
— homilador ayollar, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar hamda 3 yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan otalar yoki vasiylar;
— zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar;
— davlat granti asosida o‘qigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlaganidan keyin 3 oy ichida yo‘llanma bo‘yicha o‘z mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan bitiruvchilar;
— tegishli ta’lim tashkilotini tamomlaganidan keyin 1 yil ichida birinchi marta o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mustaqil ishga joylashayotgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari;
— o‘zi bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;
— 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;
— ish beruvchi ilgari mehnat shartnomasini alohida asoslar bo‘yicha bekor qilgan va qayta ishga qabul qilinayotgan shaxslar;
— mazkur ish beruvchida ishlab chiqarishda o‘qitish shartnomasi asosida ta’lim olgan o‘quvchilar.
Bundan tashqari, jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomasi va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlarga ham dastlabki sinov belgilanmasligi mumkin.
Mehnat kodeksining 130-moddasiga ko‘ra, dastlabki sinov muddati odatda 3 oydan oshmasligi kerak. Tashkilot rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlar hamda tashkilotlarning alohida bo‘linmalari rahbarlari uchun esa bu muddat 6 oygacha bo‘lishi mumkin.
Bunda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim amalda ishda bo‘lmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qo‘shilmaydi.
