Janubiy afrikalik yozuvchi Coral Hart 2025-yil fevralidan buyon sun’iy intellekt yordamida 370 dan ortiq kitob nashr etdi. Uning asarlari bir milliondan ortiq nusxada sotilgan va u 2026-yil davomida 1 million AQSH dollaridan ko‘proq daromad olgan.
Coral Hart — yozuvchining taxallusi. U haqiqiy ismini oshkor qilmaslik orqali o‘zini himoya qilishga harakat qilmoqda. Aytishicha, u ijtimoiy tarmoqlarda o‘lim tahdidi bo‘lgan xabarlarni qabul qilgan.
Coral Hart sun’iy intellektdan foydalanishni boshlashidan oldin nashriyot sohasida 14 yil ishlagan va AI yordamisiz ham ko‘plab asarlar yozgan. Hozirda u ChatGPT, Claude va Grok kabi sun’iy intellekt vositalaridan foydalanadi.
Yozuvchining ta’kidlashicha, har bir sun’iy intellekt modelining o‘ziga xos xususiyatlari bor. Masalan, ChatGPT dialoglar yaratishda yaxshi ishlaydi, Claude esa hikoya tuzilishini ishlab chiqishda yordam beradi. Grok’dan esa u ayrim sahnalarni yozishda foydalanadi.
Biroq Hart shunchaki sun’iy intellektga «kitob yoz» deb prompt(buyruq) bermaydi. Avval asarning g‘oyasi, uslubi, qahramonlari va boblar rejasini o‘zi ishlab chiqadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hartning kitoblari elektron, bosma va audio formatlarda sotiladi. Yozuvchining o‘z hisob-kitobiga ko‘ra, sotilgan kitob nusxalari soni bir milliondan oshgan.
Uning asarlaridan biri Amazon platformasidagi eng ko‘p sotiladigan 100 ta kitob qatoriga kirgan. Shu bilan birga, asarlarning katta qismi, jumladan, romantik janrdagi kitoblar muayyan o‘quvchilar auditoriyasiga mo‘ljallangan. Yozuvchi kitoblarni tayyorlashda bozorni o‘rganish va o‘quvchilar talabini tahlil qilishga alohida e’tibor beradi.
Hart 2026-yilning o‘zida 1 million dollardan ortiq daromad olganini ma’lum qilgan. Ayni paytda u o‘z usulini boshqalarga ham o‘rgatmoqda. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida kitob yozadigan mualliflar uchun alohida loyihani ham ishga tushirishga tayyorlanmoqda.
Hartning faoliyati kitobxonlar va yozuvchilar orasida sun’iy intellektning ijodiy jarayondagi o‘rni haqida bahslarni kuchaytirmoqda.
Tanqidchilar sun’iy intellekt yordamida juda ko‘p kitob ishlab chiqarish adabiyot bozorini sifatsiz asarlar bilan to‘ldirishi mumkinligini ta’kidlaydi. Bunday holat internetda «AI slop», ya’ni sun’iy intellekt yordamida yaratilgan sifatsiz kontent deb ataladi.
Hartning fikricha, sun’iy intellekt adabiyot sohasiga allaqachon kirib kelgan va uni shunchaki taqiqlash bilan bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi.
Avvalroq Namanganda 9-sinf o‘quvchisi sun’iy intellekt yordamida 10 dan ortiq animatsion loyiha yaratgani haqida xabar bergan edik.
