Namanganlik 9-sinf o‘quvchisi sun’iy intellekt va zamonaviy grafik dasturlardan foydalanib, bir yil davomida 10 dan ortiq qisqa animatsion loyiha yaratdi. Yosh ijodkor kelgusida qisqa metrajli filmlar va animatsion asarlar yaratishni maqsad qilgan.
Yangi Namangan tumanidagi 59-son umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Maftuna Sadikbayeva zamonaviy grafik hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, o‘z g‘oyalari asosida qisqa animatsion roliklar tayyorlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, Maftuna bir yil davomida 10 dan ortiq animatsion ishlanmasini YouTube platformasiga joylagan.
Bu haqda Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Yosh ijodkor animatsiyalarni yaratishda Adobe Animate, Adobe Illustrator, Mixamo va Blender dasturlaridan foydalanadi. Loyiha va vizual materiallarni tayyorlash jarayonida esa Meshy AI sun’iy intellekt platformasidan foydalanadi.
Ta’kidlanishicha, o‘quvchi o‘zbek va ingliz tillarida 10–15 soniyalik qisqa animatsion roliklar yaratadi. Uning aytishicha, animatsiya g‘oyasini shakllantirishdan boshlab, tayyor holga keltirishgacha bo‘lgan jarayon o‘rtacha 3–4 soat vaqt oladi.
Kelajakda mazkur yo‘nalishni chuqurroq o‘zlashtirib, qisqa metrajli filmlar va animatsion asarlarni yaratishni maqsad qilganman, — deydi Maftuna Sadikbayeva.
Ayni paytda yosh ijodkor turli tashkilotlar uchun reklama bannerlari va boshqa vizual materiallarni ishlab chiqish bilan ham shug‘ullanmoqda.
Avvalroq, Termizda chayonni o‘ldirmasdan zaharini olish qurilmasini yaratgan talaba qiz Talimxabarlari.uz muxbiriga intervyu bergan edi.
