Namangandagi maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchilarni kaltakladi (video)

Namangandagi maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchilarni kaltakladi (video)

Namangandagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani aks etgan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, o‘qituvchining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 46-umumta’lim maktabida pedagog xodim o‘quvchilarni urayotgani aks etgan videolavhalar tarqaldi. Holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

 

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati ta’lim va ilm-fan boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha tuman ta’lim bo‘limi tomonidan nazoratga olingan. Unda aks etgan holatlarni o‘rganish hamda pedagog xodimning xatti-harakatlariga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.

 

O‘rganish davomida maktab rahbariyati, pedagoglar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazilib, holatga oid barcha ma’lumotlar xolisona va atroflicha tahlil qilinadi.

 

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi hamda qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi ma’lum qilindi.

 

Eslatib o’tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchi qizni sinfdoshlari oldida kaltaklagani aks etgan videolavha tarqalgani haqida xabar bergan edik.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌⁠‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌⁠⁠