Namangan shahrida voyaga yetmagan to‘qqiz nafar bolaga Islom dini bo‘yicha saboq berib kelgan fuqaro aniqlandi. Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 229-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, 1962-yilda Namangan viloyati Namangan shahrida tug‘ilgan fuqaro o‘zining doimiy yashash xonadonida to‘qqiz nafar voyaga yetmagan bolaga Islom dini bo‘yicha saboq berib kelgan.
Fuqaroning yashash xonadonida bolalarning yashashi hamda mashg‘ulotlar o‘tkazilishi uchun maxsus jihozlangan alohida xona mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, xonadondan diniy mazmundagi 55 dona kitob, ekstremistik mazmundagi taqiqlangan materiallar hamda diniy ta’limga oid 4 ta darslik mazmunidagi yozuv daftarlari topilgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Farg‘onada ham 41 nafar voyaga yetmagan qizga noqonuniy diniy ta’lim berib kelingani aniqlangan edi. Qizlar orasida hali maktabga bormagan 5–6 yoshli bolalar ham bo‘lgan. Hujrada yotib ta’lim olgani uchun ota-onalari oyiga 600 ming so‘mdan to‘lab kelgan.
