Ipsos xalqaro tadqiqot kompaniyasi 31 mamlakatda o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, odamlar eng ko‘p shifokorlar, olimlar va o‘qituvchilarga ishonadi. Siyosatchilar, ijtimoiy tarmoq inflyuenserlari va reklama sohasi vakillari esa ishonch darajasi eng past kasblar qatoridan joy olgan.
Ipsos kompaniyasi 2026-yilgi Global Trustworthiness Index tadqiqotida respondentlardan turli kasb egalari qanchalik ishonchli deb hisoblanishi haqida so‘rovnoma o‘tkazgan.
So‘rovnomada 31 mamlakatda 23 537 nafar 75 yoshgacha bo‘lgan internet foydalanuvchilari ishtirok etgan.
Natijalarga ko‘ra, quyidagi uchta kasbga eng koʻp ishonch bildiriladi:
- Shifokorlar – 58 foiz;
- Olimlar: – 57 foiz;
- Oʻqituvchilar – 53 foiz.
So‘rovnomada qatnashgan 31 mamlakatning 27 tasida aynan shu uch kasb eng ishonchli deb topilgan.
Ishonch darajasi eng past bo‘lgan kasblar orasida siyosatchilar 13 foiz bilan oxirgi o‘rinda qayd etilgan. Ijtimoiy tarmoq inflyuenserlariga respondentlarning 14 foizi, reklama sohasi rahbarlariga esa 15 foizi ishonishini bildirgan.
Tadqiqotda ayrim mamlakatlarga xos farqlar ham kuzatilgan. Masalan, Indoneziya va Janubiy Afrikada politsiya xodimlari, Vengriya va Singapurda esa bankirlar ishonch darajasi eng past bo‘lgan kasblar qatoriga kirgan.
2026-yilgi tadqiqotda ilk bor sun’iy intellekt chat-botlari, texnologiya sohasidagi tadbirkorlar va shaxsiy murabbiylar ham alohida baholangan. Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 23 foizi sun’iy intellekt chat-botlarini ishonchli deb hisoblaydi. 40 foizi esa ularga ishonmasligini bildirgan.
Avvalroq, keyingi o‘n yil davomida sun’iy intellekt (SI) sohasidagi yutuqlar global iqtisodiyotning “aksariyat sohalarida” inson mehnatiga bo‘lgan ehtiyojning sezilarli darajada kamayishiga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
