Keyingi o‘n yil davomida sun’iy intellekt (SI) sohasidagi yutuqlar global iqtisodiyotning “aksariyat sohalarida” inson mehnatiga bo‘lgan ehtiyojning sezilarli darajada kamayishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda CNBC nashri xabar berdi.
Unda Microsoft asoschisi Bill Geytsning oxirgi bir yil ichida bergan intervyulari va sun’iy intellekt sohasidagi boshqa yetakchi mutaxassislarning fikrlari keltirilgan.
NBC telekanalida komik Jimmi Fellon olib boradigan The Tonight Show dasturida Geytsning aytishicha, hozirda “kamdan-kam uchraydigan” va alohida mutaxassislar — “zo‘r shifokorlar” va “ajoyib o‘qituvchilar” — ishtirokini talab qiladigan ekspert bilimlari, sun’iy intellekt rivoji tufayli ommaga ochiq va keng foydalaniladigan bo‘ladi.
Geyts fikricha, yaqin o‘n yillikda dunyo “erkin intellekt” davriga kiradi. U bu jarayon SI asosidagi texnologiyalarning keskin rivojlanishiga sabab bo‘lishini, ularning deyarli barcha hayot jabhalarini qamrab olishini, sog‘liqni saqlash va diagnostikani yaxshilashdan tortib, SI-repetitorlar va virtual yordamchilarning keng ommalashishigacha bo‘lgan sohalarni o‘z ichiga olishini ta’kidlagan.
Garvard professori va “baxt” masalalari bo‘yicha ekspert Artur Bruks bilan suhbatda Geyts ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni “chuqur va hatto biroz qo‘rquv uyg‘otuvchi” deb atagan. U o‘zgarishlarning tezligi va chegarasining yo‘qligini alohida urg‘ulagan.
Bugungi kunda sun’iy intellekt hukmronlik qilayotgan kelajakda insonning roli haqida muhokamalar kuchaygan. Ba’zi mutaxassislar SI insonlarni to‘liq almashtirmasligini, balki ularning samaradorligini oshirishiga ishonmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga olib kelishi mumkin.
Biroq Microsoft AI bosh direktori Mustafa Suleyman bunday optimizmga qarshi fikr bildirgan. Uning fikricha, yaqin yillarda SI texnologik rivoji aksariyat kasblarda tub o‘zgarishlarga olib keladi va mehnat bozoriga “katta beqarorlik” olib kiradi. U 2023-yilda chop etilgan «The Coming Wave» (“Yaqinlashayotgan to‘lqin”) kitobida SI faqat vaqtincha inson aqlini kuchaytiradi, ammo oxir-oqibat inson mehnatini butunlay almashtiradi, deb yozgan.
Shunga qaramay, Geyts sun’iy intellekt insoniyatga katta foyda keltiradi, degan umidda. U sun’iy intellekt yordamida o‘limga olib keluvchi kasalliklarni davolashdagi tub burilishlar, iqlim o‘zgarishiga qarshi innovatsion yechimlar va har bir inson uchun sifatli ta’lim imkoniyati yuzaga kelishini ta’kidlagan.
Fellon bilan suhbatda Geyts ayrim kasblar hech qachon SI tomonidan to‘liq almashtirilmasligini aytgan.
Masalan, beysbolni misol qilib keltirar ekan, u “tomoshabinlar o‘yinchilarning o‘rnida robotlarni ko‘rishni istashmaydi”, deya hazillashdi.
Shuningdek, u “kelajakda narsalarni ishlab chiqarish, yuk tashish va oziq-ovqat yetishtirish SI orqali hal qilinadigan muammolarga aylanadi”, deya qo‘shimcha qilgan.
Geyts 2023-yilda o‘z blogida sun’iy intellekt rivoji bilan bog‘liq xavotirlarni “tushunarli va asosli” deb atagan. U zamonaviy ilg‘or SI dasturlari ba’zida xatolarga yo‘l qo‘yishini va internetda yolg‘on ma’lumot tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Biroq CNBC Make It nashriga bergan boshqa bir intervyusida Geyts, agar u bugun biznes boshlashi kerak bo‘lganida, albatta, sun’iy intellekt sohasida startap ochgan bo‘lardi, degan fikrni bildirgan. U Microsoft, OpenAI va boshqa kompaniyalardagi yoshlarga SI yo‘nalishida faol ishlashga da’vat etgan va bu sohani «ajoyib imkoniyat» deb atagan.
Avvalroq, AQShda bir talaba suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish uchun sun’iy intellekt dasturi yaratgani tufayli o‘qishdan chetlashtirilgani xabar qilingan.


