SAT xalqaro imtihonida 1500 ball to‘plash, matematika bo‘yicha esa maksimal 800 ball olish — katta mehnat va izchil tayyorgarlik natijasi. Muhammadshokir imtihonga dastlab mustaqil tayyorlangan, keyinchalik ingliz tili bo‘yicha mentor bilan shug‘ullangan. Uning bu natijaga erishishida onasining ko‘magi, onlayn platformalar va o‘z ustida muntazam ishlash muhim o‘rin tutgan.
Ayni paytda u Buyuk Britaniyaning University of Birmingham universitetidan o‘qishga taklif olgan. Talimxabarlari.uz Muhammadshokir bilan suhbatlashib, uning SAT imtihoniga tayyorgarligi, 1500 ballga erishish tajribasi va xorijiy universitetlarga hujjat topshirish jarayoni haqida so‘z yuritdi.
— Muhammadshokir, avvalo, SAT imtihonida 1500 ball to‘plaganingiz bilan tabriklaymiz! Natijangizni bilganingizda qanday taassurot va hislarni boshdan kechirdingiz? Bu natijani kutganmidingiz?
— Imtihon davomida Reading and Writing (EBRW) bo‘limidagi bir nechta savollarda ikkilandim. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olmaganim sababli ikkinchi modulda ikkita savolga taxminiy javob berishga majbur bo‘ldim.
Matematika bo‘limining ikkinchi modulida ham to‘rtta savolim va atigi ikki daqiqam qolgan edi. Biroq stressga tushish o‘rniga, qolgan vaqt ichida barcha savollarni yechishga harakat qildim. Natijada matematika bo‘yicha 800 ball oldim.
— SAT imtihoniga tayyorgarlikni qachon boshlagansiz? 1500 ball to‘plash uchun qancha vaqt shug‘ullandingiz va tayyorgarlik jarayonida o‘zingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz?
— SAT imtihoniga iyun oyidan boshlab mentorsiz, mustaqil tayyorlandim. Dastlabki urinishimda o‘zim uchun kerakli ballni to‘play olmadim. Shundan keyin ingliz tili bo‘yicha mentor topdim va noyabr oyidagi imtihonga u bilan birgalikda tayyorlandim.
— SAT imtihonida matematika bo‘yicha 800 ball, Reading and Writing bo‘limida esa 700 ball to‘plagansiz. Ayniqsa, matematika fanidan maksimal natijaga erishishingizning siri nimada? Tayyorgarlikda qanday usullardan foydalandingiz?
— Matematika bo‘yicha ustozim bo‘lgan onamga alohida rahmat aytishim kerak. Testlar ingliz tilida bo‘lishiga qaramay, ular menga yetarlicha yordam bera oldilar. Bundan tashqari, tayyorgarlik davomida turli onlayn platformalardan foydalandim. Hozirgi rivojlanayotgan dunyoda internetning imtihonlarga tayyorlanishdagi imkoniyatlari juda katta.
Reading and Writing bo‘limidan 700 ball olish uchun esa uy vazifalarini doim to‘liq bajarishga va mustaqil ravishda ko‘proq shug‘ullanishga harakat qildim.
— Tayyorlanish jarayonida eng qiyin kechgan davr yoki sizni ortga chekinishga undagan holatlar bo‘ldimi? Bunday vaziyatlarda motivatsiyani qanday saqlab qoldingiz?
— Har kuni bir xil tartibda yashash insonni demotivatsiya qilishi mumkin. Shunga qaramay, oldimga qo‘ygan maqsadlarim, xususan, xorijiy universitetlarda tahsil olish orzum meni harakat qilishda davom etishga undadi.
Albatta, bu yutug‘imda ota-onamning hissasi katta. Ularning qo‘llab-quvvatlashi men uchun doim muhim bo‘lgan.
— Buyuk Britaniyaning nufuzli University of Birmingham universitetidan o‘qishga taklif olganingiz ham quvonarli yangilik. Ushbu universitetni tanlashingizga nima sabab bo‘ldi? Hujjat topshirish va qabul jarayoni qanday kechdi?
— University of Birmingham men qabul qilingan birinchi universitet bo‘ldi. Hozirda Common App va UCAS platformalari orqali boshqa universitetlarga ham hujjat topshirish jarayonidaman.
— Siz kabi xorijiy universitetlarda o‘qishni orzu qilayotgan, xalqaro imtihonlarga tayyorlanayotgan o‘zbekistonlik tengdoshlaringizga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz? 1500 ballga erishish tajribangizdan kelib chiqib, ularga nimalarni tavsiya qilasiz?
— Barcha o‘quvchilarga doim harakat qilishni va ‘‘qila olmaysan’’ deganlarga shunchaki natija bilan javob qaytarishni maslahat beraman.
SAT imtihoniga tayyorlanayotganlar, avvalo, faqat mashq qilish bilan cheklanib qolmasdan, ishlagan materiallarini tahlil qilishni ham o‘rganishlari kerak. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, qisqa muddat ichida ko‘proq savol yechish ko‘nikmasini rivojlantirish muhim.
Yana bir muhim jihat — oson savollarda xatoga yo‘l qo‘ymaslik. Chunki aynan shunday savollardagi xatolar ham yakuniy natijaga sezilarli ta’sir qilishi mumkin.
1500 ball ortida mustaqil tayyorgarlik, ustoz ko‘magi, ota-ona ishonchi va tinimsiz izlanish mujassam. Muhammadshokir endi xorijiy universitetlarda tahsil olish sari navbatdagi qadamlarini tashlamoqda. Uning hikoyasi esa katta maqsadlar yo‘lida dastlabki muvaffaqiyatsizlik ham ortga chekinish uchun sabab bo‘lmasligini eslatadi.
Muhammadshokirga kelgusidagi ta’lim yo‘lida ulkan zafarlar, yangi yutuqlar va xorijiy universitetlardagi o‘qish jarayonida omad tilaymiz!
Eslatib o’tamiz, avvalroq Qashqadaryoda 11-sinf o‘quvchisi Sardor Davronov SAT’dan 1210, IELTS’dan 7.0 ball hamda bir nechta milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
