Janubiy Koreyada soliq hisobchisi malakasini olish uchun o‘tkazilgan milliy imtihonda eng yuqori natijani qayd etgan 34 yoshli erkak sun’iy intellekt yordamida ko‘chirganini tan oldi. U yashirin mikrokamera orqali savollarni suratga olib, AI tizimiga yuborgan va javoblarni smartfon orqali olgan. Hozirda holat yuzasidan politsiya tekshiruv olib bormoqda.
Yonhap axborot agentligi xabar qilishicha, Han Von Sok ismli nomzod imtihonning birinchi bosqichida 400 balldan 397,5 ball to‘plagan. U 160 ta savoldan faqat bittasiga noto‘g‘ri javob bergan. Ikkinchi bosqichda ham 800 balldan 663 ball olib, umumiy natijalar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.
Nomzodning g‘ayrioddiy yuqori natijalari internetda shubha uyg‘otgan. Dastlab u ayblovlarni rad etgan, biroq keyinchalik advokati ishtirokidagi YouTube ko‘rsatuvida imtihon davomida noqonuniy texnologiyalardan foydalanganini tan olgan.
Uning aytishicha, imtihon savollarini miniatyura kamerasi yordamida suratga olgan, tasvirlarni sun’iy intellekt tizimiga yuborgan va olingan javoblarni smartfon orqali tekshirgan. Bu usuldan imtihonning ikkala bosqichida ham foydalangan.
Han o‘z qilmishi uchun boshqa nomzodlardan uzr so‘ragan va Seul politsiyasiga ixtiyoriy ravishda murojaat qilib, yozma iqrorlik arizasini topshirgan.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar holatni tekshirmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya Iqtisodiyot va moliya vazirligi uning imtihondan o‘tganligini tasdiqlovchi malaka hujjatining amal qilishini vaqtincha to‘xtatish choralarini ko‘rib chiqmoqda.
Mazkur hodisa sun’iy intellekt va zamonaviy elektron qurilmalardan imtihonlarda noqonuniy foydalanish muammosini yana kun tartibiga olib chiqdi.
Avvalroq, talabaning o‘zi bajargan vazifani AI bajargan vazifadan qanday farqlasa bo‘lishi haqida maqola tayyorlagan edik.
