O‘zbekistonda 2021-yildan buyon tijorat banklari 663,7 ming nafar talabaga jami 7 trln 694 mlrd so‘m ta’lim krediti ajratgan. Kredit oluvchilarning 77,7 foizini xotin-qizlar tashkil etgan.
Bu haqda hukumat portalida e’lon qilingan ma’lumotda keltirilgan. Ma’lumot 2021–2026-yillarning III choragigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Unga ko‘ra, kreditlarning 5 trln 841 mlrd so‘mi xotin-qizlarga ajratilgan. Ular soni 515 979 nafarni tashkil etgan.
Eng yuqori ko‘rsatkich 2023-yilda qayd etilgan. O‘sha yili 234 429 nafar talabaga 2 trln 538 mlrd so‘m kredit berilgan. Vaholanki, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 30 902 nafar talaba va 284,2 mlrd so‘mni tashkil etgan edi.
Biroq 2024-yilda kredit hajmi 2023-yilga nisbatan 58 foizga qisqarib, 1 trln 76 mlrd so‘mga tushgan. Kredit oluvchilar soni esa 87 433 nafargacha kamaygan.
Yillar kesimida ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- 2021-yil: 284,2 mlrd so‘m, 30 902 nafar;
- 2022-yil: 2 trln 19 mlrd so‘m, 202 231 nafar;
- 2023-yil: 2 trln 538 mlrd so‘m, 234 429 nafar;
- 2024-yil: 1 trln 76 mlrd so‘m, 87 433 nafar;
- 2025-yil: 1 trln 251 mlrd so‘m, 78 197 nafar;
- 2026-yil (9 oy): 525,9 mlrd so‘m, 30 507 nafar.
Kreditlarda xotin-qizlar ulushi yil sayin ortib borgan. 2022-yilda u kredit summasining 68,1 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 86,1 foizga yetgan. Joriy yilning 9 oyida kredit olgan talabalarning 87 foizi xotin-qizlardir.
Bir talabaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha kredit miqdori ham oshgan. 2021-yilda bu summa 9,2 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilda 17,2 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Banklar orasida eng ko‘p ta’lim kreditini Xalq banki ajratgan. U 229 517 nafar talabaga 2 trln 626 mlrd so‘m kredit bergan, bu umumiy hajmning 34 foiziga teng.
Keyingi o‘rinlarda Agrobank (1 trln 192 mlrd so‘m), Ipoteka bank (1 trln 172 mlrd so‘m), O‘zsanoatqurilishbank (624,2 mlrd so‘m) va Mikrokreditbank (457,2 mlrd so‘m) turibdi. Eng kam kredit ajratgan banklar Turonbank (58,9 mlrd so‘m) va Orient Finans bank (23,5 mlrd so‘m) bo‘lgan.
Ma’lumotdan ko‘rinishicha, Ipoteka bank 2022-yilda 600,7 mlrd so‘m ta’lim krediti ajratgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 4,7 mlrd so‘mgacha tushgan, 2025–2026-yillarda esa bank ta’lim krediti bermagan.
