AQShning Virjiniya shtatida o‘zbekistonlik vatandoshlar tashabbusi bilan chekka hududlarda yashovchi iqtidorli qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlovchi xayriya jamg‘armasi rasman ish boshladi.
“Girls Education Fund” jamg‘armasi AQSh qonunchiligiga muvofiq notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan. Uning asoschilari Farhod va Sevara Sulton hamda Amerikadagi o‘zbeklar jamoasi hisoblanadi.
Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonning chekka hududlarida yashovchi iqtidorli qizlarga ingliz tili va matematika fanlaridan bepul ta’lim berish, ularni oliy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorlash hamda kelgusida kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat.
Jamg‘arma hamasoschisi Sevara Sultonning ma’lum qilishicha, yozda e’lon qilingan dastlabki tanlovga mamlakatning turli hududlaridan 236 ta ariza kelib tushgan. Insho yozish va suhbat bosqichlaridan iborat saralash yakunida 10 ta hududdan 20 nafar qiz dastur ishtirokchisi sifatida tanlab olingan.
Hozirda ular maktab mashg‘ulotlaridan tashqari haftasiga olti kun onlayn tarzda bepul ta’lim olmoqda. Darslar O‘zbekistondagi hamkor o‘quv markazi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida olib borilmoqda.
Jamg‘arma kelgusida dastur ishtirokchilari sonini 500 nafarga yetkazishni rejalashtirgan. Shuningdek, qizlarning xalqaro ta’lim dasturlarida qatnashishi va xorijiy universitetlarga o‘qishga kirishiga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma vakillari loyihani kengaytirish va chekka hududlardagi iqtidorli qizlarni aniqlash maqsadida O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalliy hokimliklar hamda maktablar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Avvalroq, AQSh universitetlarida talabalar kuzatuv kameralariga qarshi namoyishga chiqishayotgani haqida xabar bergan edik.
