O‘zbekistonda maktab psixologlarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida Xitoy bilan hamkorlikda malaka oshirish dasturi boshlandi. Unda mamlakatning turli hududlaridan 14 nafar maktab psixologi ishtirok etmoqda.
2026-yil 17-noyabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Xitoyning Tyanszin pedagogika universiteti hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan dasturning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastur “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi maktab psixologlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘quvchilarga psixologik-pedagogik yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish hamda zamonaviy yondashuvlarni maktablar amaliyotiga joriy etishdan iborat.
Malaka oshirish mashg‘ulotlarida ishtirokchilar o‘quvchilarning psixologik farovonligini ta’minlash, xulq-atvor bilan bog‘liq muammolarning oldini olish, ijobiy intizomni shakllantirish, o‘smirlik davrining psixologik xususiyatlarini hisobga olish hamda maktab va oila hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha bilimlarini oshiradi.
O‘quv dasturi masofaviy mashg‘ulotlar va Xitoyda tashkil etiladigan amaliy ta’lim bosqichlarini qamrab oladi. Ishtirokchilar Tyanszin pedagogika universitetida mashg‘ulotlarda qatnashadi, mahalliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishadi hamda xitoylik mutaxassislar bilan tajriba almashadi.
Dastur yakunida ishtirokchilar olgan bilim va ko‘nikmalarini o‘z maktablarida qo‘llashi, shuningdek, hududlaridagi boshqa maktab psixologlari bilan tajriba almashishi rejalashtirilgan. Bu orqali o‘quvchilarga ko‘rsatiladigan psixologik-pedagogik yordam sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
