2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 51 ta davlat oliy ta’lim muassasasi jami 7,37 trillion so‘m daromad olgan. Daromad miqdori bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 572,1 milliard so‘m bilan yetakchi bo‘lgan.
Pinkod nashrining yozishicha, 2026-yilning to‘qqiz oyida ma’lumotlari e’lon qilingan 51 ta davlat OTMning moliyaviy ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Unga ko‘ra, mazkur OTMlarning jami daromadi 7,37 trln so‘mni, xarajatlari esa 7,83 trln so‘mni tashkil etgan.
Daromadlarning asosiy qismi to‘lov-kontrakt tushumlari hisobiga shakllangan. Ularning hajmi 4,09 trln so‘m bo‘lib, jami daromadning 55,5 foiziga to‘g‘ri kelgan. Davlat budjeti bo‘yicha moliyalashtirish rejasi 2,88 trln so‘mni, rivojlantirish jamg‘armalari orqali tushumlar esa 400,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Eng ko‘p daromad olgan OTMlar
2026-yil yanvar–sentyabr oylarida eng ko‘p daromad olgan 10 ta davlat OTM:
| № | Oliy ta’lim muassasasi | Daromad (mlrd so‘m) |
|---|---|---|
| 1 | Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti | 572,1 |
| 2 | O‘zbekiston Milliy universiteti | 544,3 |
| 3 | O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti | 361,6 |
| 4 | Farg‘ona davlat universiteti | 343,7 |
| 5 | Buxoro davlat universiteti | 330,3 |
| 6 | Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti | 304,8 |
| 7 | Urganch davlat universiteti | 277,1 |
| 8 | Samarqand davlat universiteti | 269,2 |
| 9 | Toshkent davlat texnika universiteti | 227,5 |
| 10 | Namangan davlat universiteti | 216,3 |
Jami daromad bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 572,1 mlrd so‘m bilan birinchi o‘rinni egallagan. O‘zbekiston Milliy universiteti 544,3 mlrd so‘m bilan ikkinchi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 361,6 mlrd so‘m bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
Daromadi xarajatlaridan ko‘p bo‘lgan OTMlar
Ma’lumotlari e’lon qilingan 51 ta OTMning bir qismida daromad xarajatlardan yuqori bo‘lgan.
Daromadi xarajatlaridan yuqori bo‘lgan OTMlar orasida Andijon davlat universiteti 44,8 milliard so‘mlik ijobiy farq bilan yetakchilik qilgan. Keyingi o‘rinlarni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti (13,5 milliard so‘m) hamda Namangan davlat texnika universiteti (11,5 milliard so‘m) egallagan.
Xarajatlari daromadlaridan ko‘p bo‘lgan OTMlar
| № | Oliy ta’lim muassasasi | Farq (mlrd so‘m) |
|---|---|---|
| 1 | Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti | 100,9 |
| 2 | Termiz davlat universiteti | 69,8 |
| 3 | Urganch davlat universiteti | 61,2 |
| 4 | Qarshi davlat universiteti | 56,2 |
| 5 | Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti | 38,2 |
| 6 | Farg‘ona davlat universiteti | 35,6 |
| 7 | Guliston davlat universiteti | 35,5 |
| 8 | Qarshi davlat texnika universiteti | 33,5 |
| 9 | Samarqand davlat chet tillar instituti | 32,9 |
| 10 | Buxoro davlat universiteti | 31,7 |
Tahlil qilingan 51 ta OTMning 29 tasida xarajatlar daromadlardan yuqori bo‘lgan. Eng katta manfiy tafovut Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida qayd etilgan. Universitetning daromadi 572,1 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 673 mlrd so‘mni tashkil etgan. Natijada xarajatlar daromaddan 100,9 mlrd so‘mga oshgan.
Oʻtgan yilning mos davrida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining daromadi xarajatlaridan 151,4 mlrd soʻmga yuqori edi. Bu yil universitet xarajatlari ham 55,1 mlrd soʻmga kamaygan, ammo daromad bundan tezroq qisqargan.
Kontrakt tushumlari bo‘yicha qaysi OTM yetakchi?
To‘lov-kontrakt tushumlari bo‘yicha ham Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti birinchi o‘rinni egallagan. Universitet 9 oyda kontrakt hisobidan 414,4 mlrd so‘m tushum olgan.
Qolgan o‘rinlarda quyidagi OTMlar yetakchilik qilgan:
- O‘zbekiston Milliy universiteti — 280,3 milliard so‘m;
- Farg‘ona davlat universiteti — 214,2 milliard so‘m;
- O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti — 186,8 milliard so‘m;
- Urganch davlat universiteti — 173,9 milliard so‘m.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining kontrakt tushumi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 244 mlrd so‘mga yoki 37,1 foizga kamaygan. O‘zbekiston Milliy universitetida esa bu ko‘rsatkich 34 mlrd so‘mga yoki 13,8 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalari eng ko‘p jinoyat sodir etgan universitetlar ma’lum qilingan edi. 2026-yil boshidan buyon talabalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni bo‘yicha tuzilgan reytingda TDIU 18 ta holat bilan birinchi o‘rinni egallagan.
