Samarqandda maktab oʻquvchilari boshqaruvidagi avtomobil YTHga uchradi, ulardan biri vafot etdi

Samarqandda maktab oʻquvchilari boshqaruvidagi avtomobil YTHga uchradi, ulardan biri vafot etdi

Toyloq tumanida 15-maktabning 8-sinfida tahsil oluvchi voyaga yetmagan shaxs boshqaruvidagi avtomobil yo‘l chetidagi daraxtga urilgan. Oqibatda avtomobilda bo‘lgan yana bir 8-sinf o‘quvchisi vafot etgan, qolgan 4 nafar o‘quvchiga shifoxonadan uyiga javob berilgan.

 

Samarqand viloyati ta’lim va ilm-fan boshqarmasi hamda viloyat YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi 2026-yil 13-noyabr kuni tungi soat 01:30 larda Toyloq tumanidagi Baxshitepa mahallasi hududida sodir bo‘lgan.

 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Lacetti-2” rusumli avtomobilni voyaga yetmagan oʻquvchi Baxshitepa–Toyloq yo‘nalishida boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi tut daraxtiga urilgan.

 

Mashinada 15-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinfida tahsil oluvchi 5 nafar o‘quvchi bo‘lgan. YTH oqibatida ulardan biri olgan tan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etgan.

 

Qolgan 4 nafar oʻquvchining ahvoli yaxshi boʻlgani sababli ular shifoxonadan uylariga javob berilgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Avvalroq, Navoiy viloyatining Karmana tumanida maktab o‘quvchilari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan edi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠‌⁠‌⁠‌‌‌‌‌‌⁠⁠ Hodisa oqibatida bir nafar o‘quvchi vafot etgan, yana bir nafari esa tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.