Ijtimoiy tarmoqlarda 14 yoshli o‘smirning Lacetti rusumli avtomobilda yo‘lda xavfli burilishlarlar bajarayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan o‘smir va uning otasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, voqea G‘uzor tumanida 11-noyabr kuni sodir bo‘lgan. O‘smir otasi avtomobilni qarovsiz qoldirganidan foydalanib, uni ruxsatsiz olib chiqqan. U yomg‘irli ob-havoda avtomobilni boshqarib, qo‘l tormozidan foydalangan holda turli xavfli harakatlar bajargan va jarayonni videoga olgan.
O‘smirning aytishicha, u bu harakatlarni ijtimoiy tarmoqlarda layklar sonini oshirish maqsadida amalga oshirgan. U 34-maktabning 8-sinfida tahsil oladi.
O‘smirning otasi farzandining bunday harakatlari jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab, holat takrorlanmasligini bildirgan va uzr so‘ragan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) hamda 135-moddasi (transport vositalarini tegishli hujjatlarsiz boshqarishga yo‘l qo‘yish) bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Avvalroq xabar berganimizdek, Samarqandda Malibu haydagan texnikum o’quvchilari YPX xodimining talabiga bo’ysunmay, uni haqorat qilgan edi.
