Bilim va malakalarni baholash agentligi milliy sertifikat imtihonlari oldidan test savollari sotilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Agentlik test topshiriqlari maxfiyligi ta’minlanganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda milliy sertifikat imtihonlari oldidan «X variant» nomi ostida test savollari sotilayotgani hamda bunga Bilim va malakalarni baholash agentligining hududiy bo‘limlari xodimlari va ayrim repetitorlar aloqador ekani haqida xabarlar tarqaldi.
Ushbu xabarlar yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Agentlikka ko‘ra, ushbu da’volar hech qanday dalil bilan tasdiqlanmagan. Sotilayotgani aytilgan savollarning imtihonlarda qo‘llaniladigan test topshiriqlariga ham, Agentlik xodimlariga ham aloqadorligi haqida asos yo‘q.
Milliy sertifikat imtihonlarida test topshiriqlarining maxfiyligi va xavfsizligi belgilangan tartibda ta’minlangan.
Shuningdek, BMBA fuqarolardan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikni va «100 foiz kafolatlangan savollar» va’dasi bilan pul talab qilayotgan shaxslardan ehtiyot bo‘lishni so‘ragan hamda aniq fakt va dalillarga asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatgan.
Avvalroq fizika fanidan attestatsiya savollarining X varianti tarqalgani haqida xabar bergan edik. Bu holatda ham mas’ul tashkilot — Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi rasmiy munosabat bilan chiqqan edi.
