Jizzaxda o‘qituvchi 8-sinf o‘quvchining boshiga urib, unga jarohat yetkazdi

Jizzaxda o‘qituvchi 8-sinf o‘quvchining boshiga urib, unga jarohat yetkazdi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi 8-sinf o‘quvchisining boshiga ko‘rsatkich tayoqcha bilan urib, unga jarohat yetkazgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi esa bekor qilingan.

Voqea 30-oktyabr kuni Sharof Rashidov tumanidagi 13-sonli umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan. O‘qituvchi dars vaqtida jim o‘tirmaganligi uchun 8-sinf o‘quvchisining boshiga ko‘rsatkich tayoqcha bilan urgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘quvchi jarohat sababli hozirda shifoxonada davolanmoqda.

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan Ta’lim va ilm-fan Jizzax viloyat boshqarmasi ham munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan kunning o‘zida o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Shuningdek, maktab direktoriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312-moddasi 2-bandiga asosan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Avvalroq Namanganda o‘qituvchi 1-sinf o‘quvchini kitob o‘qiy olmagani uchun urganligi haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, barcha taʼlim tashkilotlari pedagoglari va oʻquvchilari bir oʻquv yilida kamida bir marta maqsadli psixologik diagnostikadan oʻtkazilishi haqida xabar berilgan edi. Natijalar sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinib, psixologik qoʻllab-quvvatlashga ehtiyoji bor shaxslar bilan alohida ishlash yoʻlga qoʻyiladi.