Namanganda o‘qituvchi 1-sinf o‘quvchini kitob o‘qiy olmagani uchun urdi (video)

Namanganda o‘qituvchi 1-sinf o‘quvchini kitob o‘qiy olmagani uchun urdi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchi boshlang‘ich sinf o‘quvchisini urgani va bir necha o‘quvchiga baqirgani tasvirlangan video tarqaldi. Holat bo‘yicha Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

 

Namangan MMTB munosabatiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Bola kaltaklandimi?” sarlavhali video xabar yuzasidan ishchi guruh tuzilib, Kosonsoy tumanidagi 39-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, dastlabki o‘rganishlarda joriy yilning 16-sentyabr kuni soat 10:30 lar atrofida, 3-dars mashg‘uloti vaqtida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi tomonidan 1-“B” sinf o‘quvchisiga nisbatan jismoniy ta’sir qo‘llangani aniqlangan. Qayd etilishicha, bunga o‘quvchining kitobni o‘qib bera olmagani sabab bo‘lgan.

 

Hozirda holatga huquqiy baho berish, shuningdek, unga mas’ul mansabdor shaxslarning xatti-harakatlarini o‘rganish maqsadida xizmat tekshiruvi davom ettirilayotgani ta’kidlangan.

 

O‘rganish yakunlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda maktab rahbariyati va o‘qituvchiga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish hamda har qanday zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi bildiriladi, — deyiladi munosabatda.

 

Avvalroq, Samarqanddagi maktabda ayol o‘g‘lining sinfdoshini sinfxona ichida urgani haqida xabar berilgandi.