O‘zbekistondagi barcha maktablarda o‘quvchilarga huquqiy savodxonlik o‘rgatiladi

O‘zbekistondagi barcha maktablarda o‘quvchilarga huquqiy savodxonlik o‘rgatiladi

Darslarda bola huquqlari, zo‘ravonlikdan himoyalanish, mehnat va iste’molchilik huquqlari, shuningdek, shartnomaviy munosabatlar o‘rgatiladi.

Bu haqda Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF–242-son farmonida belgilangan.

Farmonga muvofiq, 2026-yil dekabr oyidan huquqiy tarbiya va huquqiy savodxonlikni umumta’lim maktablaridan boshlab o‘rgatish rejalashtirilgan.

Bunda o‘quvchilarning yosh xususiyatlaridan kelib chiqib, huquqiy bilimlarni bosqichma-bosqich shakllantirish ko‘zda tutilgan. Xususan:

  • Kichik sinflarda bolalarga o‘z huquqlari, o‘zaro hurmat va zarur vaziyatlarda yordam so‘rash o‘rgatiladi;
  • Keyingi sinflarda zo‘ravonlikdan himoyalanish, mehnat va iste’molchilik huquqlari bo‘yicha tushunchalar beriladi;
  • Yuqori sinflarda murojaat qilish huquqi, shartnomalar va mehnat munosabatlari haqida bilimlar shakllantiriladi.

Shuningdek, huquqiy savodxonlikka oid mavzular «Tarbiya» faniga kiritiladi. O‘qituvchilar uchun Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida metodik qo‘llanma ishlab chiqiladi hamda qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Dastur doirasida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkaziladi. Jumladan, o‘quvchilar uchun turli vaziyatlarga oid masalalar, huquqlari buzilgan taqdirda kimga va qanday tartibda murojaat qilish kerakligi bo‘yicha mashqlar tashkil etiladi.

Mazkur chora-tadbirlar ijrosi uchun Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman), Bolalar ombudsmani, Sudyalar oliy kengashi hamda Odil sudlov akademiyasi mas’ul etib belgilangan.

Avvalroq maktab o‘quvchilarining bilimini baholash va imtihon olishning yangi yagona tartibi bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun anonim so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik.