O‘zbekistonlik talaba Janubiy Koreyada 1 yil-u 4 oyga qamaldi

O‘zbekistonlik talaba Janubiy Koreyada 1 yil-u 4 oyga qamaldi

O‘zbekiston fuqarosi Suriyadagi terrorchilik tashkilotiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlikda ayblanib, 1 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Undan qo‘shimcha 1,25 million von ubdirish ham belgilangan.

Yonhap News agentligining xabar berishicha, Seul markaziy okrug sudida O‘zbekiston fuqarosi A.ga terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni buzish va boshqa ayblovlar bilan 1 yil 4 oy qamoq jazosi tayinlagan. Shuningdek, undan 1,25 million von miqdoridagi mablag‘ni undirish haqida qaror chiqarilgan.

Ma’lum qilinishicha, A. Janubiy Koreyaga universitet qoshidagi til kursida tahsil olish uchun D-4-1 vizasi bilan kelgan. U mamlakatda talaba sifatida yashab turgan vaqtida BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti deb tan olingan KTJ (Katiba at-Tavhid val-Jihod) guruhi a’zosi bilan aloqaga kirishgan.

U 2024-yil yanvaridan 2025-yil yanvarigacha jami olti marta terrorchilik tashkiloti a’zosi ko‘rsatgan bank hisob raqamiga 1,25 million von yuborgan.

Bundan tashqari, talabadan  KTJning yana bir a’zosi Janubiy Koreyada yashovchi boshqa bir shaxsdan pul qabul qilib, uni Suriyaga jo‘natishni so‘ragan. Biroq talaba bu vazifani bajarishga ulgurmay qolgan.

Sud A. terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun pul ajratayotganini bilgan holda tashkilotga yordam berganini ta’kidladi.

«Bunday mablag‘lar terrorchilik tashkilotining faoliyatini davom ettirishi uchun muhim ahamiyatga ega. Yuborilgan pul miqdoridan qat’i nazar, bunday harakatlar xalqaro tinchlik, davlat va jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi», — deyiladi sud qarorida.

Ma’lumot uchun, KTJ 2014-yil dekabr oyida tashkil etilgan islomiy ekstremistik guruh hisoblanadi. U 2015-yil sentabr oyida Suriyaning Al-Fua hududida, 2016-yil avgustida Qirg‘iziston poytaxtidagi Xitoy elchixonasida va 2017-yil aprelida Rossiyaning Sankt-Peterburg metrosida sodir etilgan hujumlarga aloqadorlikda gumon qilingan.

Avvalroq Yaponiyada o‘zbekistonlik kuryer maktab o‘quvchisiga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlar qilganlikda gumonlanib ushlangani haqida xabar bergan edik.