Toshkent viloyatida Instagram va Telegram orqali soxta savdo e’lonlarini joylashtirib, xaridorlarning pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlangan 18 yoshli yigit ushlandi. Unga shu paytgacha fosh etilmagan 11 ta firibgarlik holati aloqador ekani aniqlangan.
Toshkent viloyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali xaridorlarni aldab, ularning pullarini o‘zlashtirishda gumonlangan 18 yoshli yigit qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasining Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, asli Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan gumonlanuvchi Instagram va Telegram ijtimoiy tarmoqlarida soxta akkauntlar ochib, avtomobil ehtiyot qismlari, aksessuarlar, shuningdek, Dubay va Koreyadan keltirilgani aytilgan mobil telefonlarni arzon narxlarda sotish haqida e’lonlar joylashtirgan.
U xaridorlarning ishonchini qozonish maqsadida bozorlar va savdo do‘konlarida tasvirga olingan videolardan foydalangan. Mahsulot uchun oldindan to‘lovni qabul qilgach esa xaridorlar bilan aloqani uzgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida gumonlanuvchining shu vaqtgacha fosh etilmagan 11 ta onlayn firibgarlik holatiga aloqadorligi aniqlangan. Mazkur holatlar oqibatida jabrlangan fuqarolarga jami 10,6 million so‘m moddiy zarar yetkazilgani qayd etilgan.
Jabrlanuvchilardan biri — Nurafshon shahrida yashovchi fuqaro avtomobil ehtiyot qismlarini xarid qilish uchun gumonlanuvchining bank kartasiga 1 million 940 ming so‘m o‘tkazib bergan. Biroq va’da qilingan mahsulotni olmaganidan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
IIBB e’lon qilgan videoda gumonlanuvchi 950 nafar obunachisi bo‘lgan Instagram akkauntini sotib olib, unda avtomobillar uchun arzon tormoz qoplamalari »kolodka» sotilishi haqida e’lonlar joylashtirganini aytgan. Xaridorlar unga 300 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha pul o‘tkazib bergan.
Shuningdek, gumonlanuvchi o‘z faoliyatida tanishlari nomiga rasmiylashtirilgan bir nechta telefon raqamidan foydalangani ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, 18 yoshli yigit ilgari ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan bir necha bor sudlangan.
