Toshkentda 2026-yilning to‘qqiz oyida 15–16 yoshli qizlar orasida 7 ta homiladorlik holati aniqlangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘zgarmagan.
Toshkent shahrida 15-16 yosh toifasidagi o‘quvchi qizlarning 7 nafari joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida homilador bo‘lib qolgani ma’lum bo‘ldi. Bu statistika Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 13-noyabrdagi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, tirik tug‘ilish soni kamaygani qayd etildi. Hisobot davrida poytaxtda 41 993 nafar chaqaloq tirik tug‘ilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 5 710 taga kam.
Shaharda 15–49 yoshdagi 774 ming nafardan ortiq ayolning 637 885 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tekshiruvlar natijasida 178 435 nafar ayolda turli ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Ulardan 156 776 nafari sog‘lomlashtirilgan.
Homiladorlik davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni aniqlash maqsadida 42 126 nafar ayol skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan. Ularning 361 nafarida homila nuqsonlari aniqlangan.
Bundan tashqari, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Toshkent shahrida 5 ta onalar o‘limi qayd etilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 6 tani tashkil etgan.
Hujjatda 15–16 yoshli qizlar o‘rtasida homiladorlik holatlarining oldini olish, bu borada ta’lim muassasalari, mahallalar va oilalar bilan hamkorlikda profilaktik ishlarni kuchaytirish vazifasi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz. O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlarida 7 yosh va undan katta 9 million 615,9 ming kishi tahsil olmoqda. Ularning 4 million 950,7 ming nafari (51,5 foiz) erkaklar, 4 million 665,2 ming nafari (48,5 foiz) ayollardir.
