O‘zbekistonda 15 yosh va undan katta aholining 12 foizi oliy ma’lumotga ega. Mamlakat bo‘yicha ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan 7 yosh va undan katta aholi soni esa 9,6 million nafardan oshadi.
Milliy statistika qo‘mitasida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida aholining ta’lim darajasi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 15 yosh va undan katta aholining:
- 3 million 271,1 ming nafari yoki 12 foizi — oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotga ega;
- 9 million 737,2 ming nafari yoki 35,8 foizi — o‘rta maxsus va professional ma’lumotli;
- 11 million 626,5 ming nafari yoki 42,8 foizi — umumiy o‘rta ma’lumotli.
Shuningdek, har 1 000 nafar 15 yoshdan katta aholiga 120 nafar oliy ma’lumotli, 358 nafar o‘rta maxsus va professional ma’lumotli hamda 428 nafar umumiy o‘rta ma’lumotli kishi to‘g‘ri keladi.
Ta’lim olayotganlar soni
Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarida 7 yosh va undan katta 9 million 615,9 ming kishi tahsil olmoqda. Ularning 4 million 950,7 ming nafari (51,5 foiz) erkaklar, 4 million 665,2 ming nafari (48,5 foiz) ayollardir.
Oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlar soni esa 1 million 725,9 ming nafarni tashkil etadi. Ularning 49 foizi ayollardir.
Avvalroq, ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi qancha ekani haqida xabar bergan edik.
